Harris vitse-prezidentlikka nomzodni tanladi

Olam

image

Demokratik partiyadan AQSH prezidentligiga nomzod Kamola Harris Minnesota gubernatori Tim Uolzni vitse-prezident lavozimiga da’vogar sifatida tanladi. Harris o‘z tanlovini bugun, 6 avgust kuni e’lon qildi.

“Men Tim Uolzdan mening hamkasbim bo‘lishini so‘raganimdan faxrlanaman. U hokim, murabbiy, o‘qituvchi va faxriy sifatida o‘zi kabi mehnatkash oilalar manfaatlarini himoya qildi. Uning jamoamizda bo‘lgani juda yaxshi. Endi ishga kirishaylik”, deb yozdi u X’dagi sahifasida.

CNN xabariga ko‘ra, Harris AQSH dengiz observatoriyasi hududidagi qarorgohidagi yakuniy uchrashuvdan so‘ng shunday qarorga kelgan. Telekompaniya manbalariga ko‘ra, Harris va Uolz muloqot chog‘ida o‘zaro tushunishga erishgan va yakunda uning foydasiga qaror qabul qilingan. 

Minnesota shtatidan demokrat strategi Abu Amaraning so‘zlariga ko‘ra, Uolz amaliyotchi. U O‘rta G‘arbdagi qishloqlar, shahar atrofi va shaharlardagi saylovchilar bilan yaxshi aloqada. “Reuters”ning aniqlik kiritishicha, oxirgi bosqichda Harris Uolz va Pensilvaniya gubernatori Joshua Shapiro o‘rtasida tanlov qilgan.

Uolz 60 yoshda, AQSH Milliy gvardiyasi (Qurolli kuchlar zaxirasi) faxriysi va sobiq o‘qituvchi.

Eslatib o‘tamiz, respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp 15 iyul kuni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida 39 yoshli senator Jeyms Devid Vensni (Ogayo shtatidan respublikachi) tanlaganini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Kamola Harris Tim Uolz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing