Harbiy va idoraviy formaga o‘xshash kiyim kiyganlar jazolanishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda harbiy va idoraviy formaga o‘xshash kiyim-boshdan foydalanganlik uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin. Shuni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi joriy yil 2 sentyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2091-moddaciga qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, “matosining rangi, tikilish uslubi, farqlovchi belgilari va boshqa predmetlari harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh predmetlarini takrorlovchi yoki unga o‘xshash kiyim-boshni joriy etish yoki ulardan foydalanish” bo‘yicha aybli deb topilganlar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Shuningdek, moddaning birinchi qismini quyidagicha ifodalash rejalashtirilmoqda:

“Formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini, shuningdek, ushbu turdagi formali kiyim-boshining farqlovchi belgilari va (yoki) ramzlariga ega formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish formali kiyim-boshni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi”.

Mazkur loyiha bilan, hokimiyat vakili bo‘lmagan shaxs tomonidan hokimiyat vakilining xizmat kiyimi yoki hujjatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishni jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksi 56-moddasi birinchi qismining “o” bandi quyidagi tahrirdagi “o” va “p” bandlari bilan almashtiriladi:

  • o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etish;
  • p) hokimiyat vakili bo‘lmagan shaxs tomonidan hokimiyat vakilining xizmat kiyimi yoki hujjatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish.

Hozirda qonunchilikda tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Ya’ni, shaxs birorta huquqni muhofaza qiluvchi organning tasdiqlangan formali kiyim-boshini biror bir elementini (shevron, pagon va h.k.) o‘zgartirgan holda kiyib yursa, javobgarlikka tortilmaydi. Yangi kiritilayotgan normaga ko‘ra, endi huquqni muhofaza qiluvchi organning tasdiqlangan formali kiyim-boshiga o‘xshash kiyim kiyish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasi muhokamasi 19 sentyabrgacha davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy forma idoraviy forma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar