Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan askarlar uylariga qanday qaytadi?
Jamiyat
−
28 mart 2020
6376O‘zbekistonda koronavirus sababli karantin holati joriy etildi. Shu sababli aksariyat viloyat va shaharlar kirish-chiqish uchun yopildi. Shu o‘rinda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, askarlar o‘z uylariga qanday boradi, degan haqli savol tug‘iladi.
Ushbu masalaga Transport vazirining matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov oydinlik kiritdi.
“Kecha, 27 mart kuni respublikamizning barcha yo‘nalishlari bo‘ylab maxsus poyezd reyslari tashkil etildi. Muddatli harbiy xizmatchilar kecha tunda Samarqand-Toshkent-Andijon, Buxoro-Nukus, Nukus-Toshkent yo‘nalishlarida o‘z uylariga kuzatildi”, dedi u.
Ta’kidlanishicha, askarlarni kuzatish, poyezd orqali ularni tashishni tashkil etish jarayonida koronavirus infeksiyasidan maksimal darajada himoyalash va uning tarqalishini oldini olish maqsadida sanitar-gigenik talablariga qat’iy amal qilingan.
Markaziy harbiy okrug Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, aslida askarlarni uylariga kuzatish tadbirlari 20 martdan 10 aprel kuniga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Biroq xavfli infeksiya sabab, faqat bir kun 27 mart kuni Respublikaning barcha yo‘nalishlari bo‘ylab, maxsus reyslar yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand, Guliston, Buxoro, Qarshi shaharlari va Xorazm viloyati koronavirus sabab kirish va chiqish uchun yopildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 104 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Shu vaqtgacha 2 kishi vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi