Har bir Mehribonlik uyiga 2 tadan oliygoh va sport maktabi biriktiriladi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandik. 

Davlat rahbari yig‘ilishda Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga 2 tadan oliygoh va sport maktablarini biriktirish bo‘yicha buyruq berdi.

“Oliy ta’lim vazirligi, Turizm va sport vazirligi viloyat hokimlari bilan birga, bir hafta muddatda har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasiga 2 tadan oliygoh va sport maktablarini biriktiradi”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, jumladan, Yunusobod tumanidagi 21-son “Mehribonlik uyi”ga Axborot texnologiyalari universiteti va Moliya instituti, Chilonzordagi 22-son “Mehribonlik uyi”ga Jahon tillari universiteti hamda Toshkent pedagogika univertiteti biriktiriladi.

Shavkat Mirziyoyev rektorlar o‘zi biriktirilgan Mehribonlik uylarida qanday vazifalarga javobgar bo‘lishini sanab berdi.

“Birgina misol, Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyida Inxa universiteti bilan yangi tizim yaratgan. Shu bois, biriktirilgan rektorlar Mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularni kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish muhitini shakllantirishga, teatr va konsertlar tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladilar”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning bugun, 28 iyul kuni 21-Mehribonlik uyiga tashrifi chog‘ida O‘zbekistondagi Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifi berildi. Bugunga qadar Mehribonlik uylari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Xalq ta’limi vazirligi tarkibida bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

6

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing