“Hamma qichqiryapti, bolalar yig‘layapti”. Ukraina dronlari Sochini nishonga oldi (video)
Olam
−
18:41 1757 2 daqiqa
Kecha, 9 sentyabr kuni kechqurun Ukraina dengiz dronlari Sochi sohiliga hujum qildi. Hujum oqibatida 28 kishi, jumladan, 2 nafar bola jarohatlandi. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi xabar qildi.
Qayd etilishicha, barcha yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hozirda 3 nafar katta yoshli kishi va 1 bola shifoxonada qolmoqda.
Hujum haqida kechki soat to‘qqizlar atrofida ma’lum bo‘lgan. O‘sha vaqtda sohil bo‘yida joylashgan “Festivalniy“ madaniyat saroyida xonanda Tatyana Bulanovaning konserti bo‘lib o‘tayotgan bo‘lgan. Konsert to‘xtatilgan, tomoshabinlar evakuatsiya qilingan.
“Xotinim konsertda edi. Evakuatsiya vaqtida odamlar yiqilib, vahima ichida yugurishdi. Atrofda portlashlar eshitildi. U mashinaga yugurayotganida yiqilib tushgan. Uni zarba to‘lqini uchirib yuborgan. Har bir portlashdan keyin portlash to‘lqini yaqqol sezilardi. Ular juda yaqin edi”, deya mahalliy aholidan biri voqeani so‘zlab bergan.
“93.ru” nashrining yozishicha, hujum haqida ogohlantirish berilgan paytda sohil bo‘yida hali ham ko‘plab odamlar bo‘lgan. Dastlab dam oluvchilar ogohlantirishga munosabat bildirmagan, faqat portlashlardan keyingina tarqalib qochishni boshlagan.
“Portlashlar juda yaqin bo‘lgandagina hamma yugura boshladi. Avvaliga hamma qarab turardi, chunki Sochi uchun bu odatiy holdek edi. Ammo bizdan atigi 300 metr narida portlash yuz bergach, hamma yugurdi. Tasavvur qilib bo‘lmaydigan tartibsizlik yuzaga keldi. Hamma qichqiryapti, bolalar yig‘layapti. Hamma yuguryapti, yonimizda esa portlashlar sodir bo‘lyapti. Qayerga yugurayotganimizni ham bilmasdik, chunki hech qayerda boshpana yo‘q. Amallab yerosti o‘tish joyigacha yetib bordik“, degan guvohlardan biri voqeani so‘zlab berar ekan.
Hujumdan so‘ng sohil bo‘yida yong‘in chiqqan, biroq mahalliy hokimiyat zararlarni jiddiy emas, deb baholagan.
“Oynalar va fasad elementlarini tiklash kerak. Ishonchim komil, buni tezda uddalaymiz“, deb yozgan shahar meri Andrey Proshunin Telegram’da.
U, shuningdek, hujum oqibatlari to‘liq bartaraf etilgunga qadar plyajlar tashrif buyuruvchilar uchun yopiq qolishini ma’lum qilgan.
“Sochining qolgan hududlarida vaziyat odatdagidek“, deya qo‘shimcha qilgan Proshunin.
Hujumdan so‘ng Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorchilik harakati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Mazkur jinoyat Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan kvalifikatsiya qilingan. Idora Ukraina kurort hududini “ataylab“ nishonga olganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida Ukraina qo‘shinlarining harbiy texnikalariga dronlar orqali zarba bergan edi.
Live
Barchasi