HAMAS yetakchisining singlisi Isroilda hibsga olindi
Olam
−
01 aprel
7061Isroil huquq-tartibot idoralari xodimlari HAMASning Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning singlisini hibsga oldi. Bu haqda “Kan” davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Aytilishicha, u Isroilda istiqomat qiladi va guruh bilan aloqadalikda gumon qilinmoqda. “Kan”ning xavfsizlik xizmatidagi manbalari ushlangan ayol, 57 yoshli Sabah Abd al-Salom Xoniya HAMAS yetakchisining singlisi ekanini tasdiqlagan.
O‘z navbatida, Isroil politsiyasi matbuot xizmati Tel-Sheva shahrida o‘tkazilgan reyd davomida HAMAS yetakchilaridan birining qarindoshi qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Biroq politsiya qo‘lga olingan shaxsning ismini ochiqlamagan.
“Janubiy okrug va xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan qo‘shma tergov doirasida Tel-Shevada HAMASning yuqori martabali a’zosining qarindoshi HAMAS jangarilari bilan aloqada bo‘lganlikda, shuningdek, Isroilda terrorchilik harakatlarini sodir etish va qo‘llab-quvvatlashda gumonlanib, hibsga olindi”, deyiladi politsiya bayonotida.
Politsiya tintuv paytida gumonlanuvchining uyidan turli hujjatlar, mediamateriallar va boshqa dalillarni topganini iddao qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 yanvar kuni HAMAS yetakchisi Shayx Ahmad Yasinning nabirasi Ali Salim Abu Aja G‘azo sektoridagi havo hujumida halok bo‘lgandi.