HAMAS yetakchisi urushdan so‘ng G‘azoni kim boshqarishi kerakligini aytdi
Olam
−
22 aprel
11315G‘azo sektorida o‘n minglab odamlar AQSH yetkazib bergan qurollardan foydalangan holda o‘ldirilgan. Bu haqda Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi raisi Ismoil Xoniya “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning BMT Xavfsizlik Kengashining Falastinning xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi haqidagi rezolyutsiyasiga veto qo‘ygani Vashingtonning isroilparastlik pozitsiyasini egallab, Falastin xalqi huquqlarini ta’minlashga qarshi ekanini ko‘rsatadi.
“AQSH tinch aholining jabrlanishini istamasligini aytsa ham, uning pozitsiyasi bu aldamchi ekanini ko‘rsatadi. Bu manipulyatsiyaga urinishdir. G‘azo sektorida halok bo‘lgan barcha tinch aholi, minglab, o‘n minglab shahidlar Amerika qurollari, Amerika raketalari va AQSHning siyosiy himoyasi ostida o‘ldirilgan. AQSHning BMT Xavfsizlik Kengashining (G‘azoda) o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyasiga veto qo‘yishi nimani anglatadi? Bu AQSH G‘azo sektorida qirg‘in va qotilliklarning davom etishini to‘liq himoya qilishini anglatadi”, deydi siyosatchi.
Rafahdagi operatsiya qatliomga aylanishi mumkin
HAMAS rahbari Isroil armiyasining G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiyasidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Falastin aholisining qirg‘iniga aylanishi mumkin.
“Men barcha qardosh mamlakatlarni, Qatardagi birodarlarimizga vositachi bo‘lgan Misr va Turkiyadagi birodarlarimizni, shuningdek, Yevropa davlatlarini (Isroil) tajovuzkorligini to‘xtatish va Rafah operatsiyasining oldini olish, G‘azo sektoridan (Isroil armiyasini) to‘liq olib chiqish hamda G‘azo sektoriga hujumlarni to‘xtatish choralarini ko‘rishga chaqiraman”, deydi u.
HAMAS siyosiy byurosi rahbari Isroil armiyasi Rafahga quruqlikdan hujum uyushtirgan taqdirda Falastin xalqi qat’iy qarshilik ko‘rsatishini ta’kidladi.
“Agar sionist dushman Rafahga kirsa, Falastin xalqi oq bayroqni ko‘tarmaydi. Rafahdagi qarshilik jangchilari o‘zlarini himoya qilishga va o‘z xalqiga qarshi hujumlarga qarshilik ko‘rsatishga tayyor”, deydi Xoniya.
Icroil bilan muzokaralar
HAMAS yetakchisining ta’kidlashicha, Isroil barcha muzokaralarga qaramay, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomoni vositachilar orqali berilgan sulh bo‘yicha o‘nlab takliflarni rad etgan.
“Isroil faqat asirlarni qaytarish va keyin G‘azodagi urushni davom ettirishni xohlaydi. Lekin bu mumkin emas. Isroil armiyasi G‘azodan butunlay chiqib ketishi kerak. Isroil ham ko‘chirilgan odamlarning G‘azo sektori shimoliga qaytishini istamaydi. Buni qabul qilib bo‘lmaydi”, deydi Xoniya.
Uning ta’kidlashicha, Isroil 7 oktyabrdan beri G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridan 14 mingga yaqin falastinlikni hibsga olganiga qaramay, hozirgacha mahbuslar almashinuvi uchun faqat oz sonli falastinlik mahbuslarni taklif qilgan.
“Kelishuvga erishishga (Isroilga) hech qanday bosim o‘tkazmaydigan AQSH va Isroil to‘sqinlik qilmoqda. Isroil bizning talablarimizni qabul qilishi bilanoq biz shartnoma tuzishga tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Urushdan so‘ng G‘azo sektorini boshqarish
Ismoil Xoniya jangovar harakatlar tugagach, G‘azo sektori falastinliklar tomonidan boshqarilishini ta’kidladi.
“HAMAS G‘azo sektorini yakka o‘zi nazorat qilishni talab qilmaydi. Biroq, biz Falastin xalqining bir qismimiz va hamkorlikka asoslangan milliy birlik hukumatini tuzib, G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha kelishib olishimiz mumkin. Bu milliy muammolar. Biz ishg‘olchilar yoki boshqa birovning Falastin, G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil yoki ikkalasidagi vaziyatni tartibga solishiga ruxsat bermaymiz”, deydi u.
Xoniya G‘azo sektorini boshqarishning bir qancha muqobil variantlari taklif qilinganini, biroq ular muvaffaqiyatga erishmaganini ta’kidladi.
“Biz Falastinning ichki siyosatini tartibga solish uchun ikki bosqichli reja ishlab chiqdik. Birinchi bosqich Falastin Ozodlik Tashkilotini barcha Falastin guruhlarini o‘z ichiga olgan holda qayta tashkil etishdan iborat. Ikkinchi bosqich G‘azoni rekonstruksiya qilish hamda G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi institutlarni bir tom ostida birlashtirish, shuningdek, prezidentlik, qonunchilik va milliy kengash saylovlarini o‘tkazishni ta’minlaydigan milliy hukumatni yaratishni o‘z ichiga oladi”, deydi u.
Xoniya G‘azo sektori Falastinning “milliy qismi” ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, HAMAS urushdan keyin mamlakat G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilni qamrab olgan Milliy kelishuv hukumati tomonidan boshqarilishini kutmoqda.
Farzandlari va nevaralarining o‘ldirilishi haqida
Ismoil Xoniya Isroil armiyasining G‘azo sektoriga uyushtirgan zarbasi oqibatida o‘g‘illari va nevaralarining o‘ldirilganiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea “tinch aholi, minglab bolalar, ayollar va qariyalarning o‘ldirilishi bundan mustasno, dushmanning yetti oy davomida harbiy maqsadlariga erisha olmaganini” aks ettiradi.
“Bayram (Ramazon – tahr.) paytida sodir etilgan, buning oqibatida uch o‘g‘lim va besh nabiram halok bo‘lgan qirg‘inni ham shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqish kerak va bu dushmanning muvaffaqiyatsizligidan dalolat beradi”, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Xoniya Isroilning HAMAS yetakchilariga bosim o‘tkazish va ularning oila a’zolarini o‘ldirish orqali muzokaralarda yon berishga majburlash urinishlari behuda ekanini ta’kidladi.
“Mening o‘g‘illarim Falastin xalqining bir qismi va ularning ahvoli Falastin xalqining boshqa vakillari bilan bir xil. Men boshidanoq o‘g‘illarimning qoni G‘azoda, G‘arbiy Sohilda yoki boshqa joyda Falastin xalqi farzandlarining qonidan qimmatroq emasligini aytdim”, deydi u.
LiveBarchasi