HAMAS Isroilga 4 kishining jasadini topshirdi

Olam

image

Oldinroq, HAMAS harakati bir hafta ichida garovdagi olti kishini ozod qilishini va yana to‘rt nafar halok bo‘lgan asirning jasadini Isroilga topshirishi ma’lum qilingandi. Bugun, 20 fevral kuni HAMAS 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujum chog‘ida garovga olinganlarning jasadlarini Isroilga qaytardi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, garovga olinganlar orasida 32 yoshli Shiri Bibas ismli ayol va uning o‘g‘illari — to‘rt yoshli Ariel va 9 oylik Kfir bo‘lgan. Ular 16 oy oldin, 7 oktyabr kuni, Isroil janubidagi Nir-Oz kibutsidagi uyidan olib ketilgan.

To‘rtinchi jasad 83 yoshli Oded Lifshitsga tegishli ekani aytilmoqda. 2023 yil 24 oktyabr kuni erkak va uning rafiqasi Nir-Oz kibutsida asirga olingan.

Tobutlar avval Qizil Xoch tashkilotiga, keyin esa Isroil armiyasiga topshirilgan. Ular portlovchi moddalar bor-yo‘qligini tekshirgan va jasadlar Isroilga olib ketilgan. Jasadlar Tel-Avivdagi Abu Kabir sud-tibbiyot institutiga yuboriladi va ekspertizadan o‘tkaziladi.

Isroil Prezidenti Isxak Gersog shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab yuraklar “parchalanib ketganini” aytdi va 7 oktyabr kuni garovga olinganlarni himoya qila olmagani uchun hukumat nomidan kechirim so‘radi.

“Dahshat. Og‘riq. Buni ifodalashga so‘z topilmaydi. Butun millatning yuragi parchalanib ketdi. Isroil davlati nomidan bosh egib, kechirim so‘rayman. O‘sha dahshatli kunda sizni himoya qila olmaganimiz uchun kechirim so‘rayman. Sizni xavfsiz olib kela olmaganimiz uchun kechirim so‘rayman,”deb yozdi u X sahifasida.

Nashrga ko‘ra, HAMAS 2023 yil noyabr oyida bolalar va ularning onasi Isroil havo hujumida halok bo‘lganini aytgan. Ammo guruh bu borada hech qanday dalil taqdim etmagan. Isroil esa ularning o‘limini hech qachon tasdiqlamagan.

Bolalarning otasi Yarden Bibas 484 kun garovda ushlab turilganidan so‘ng, joriy yil yanvar oyidagi sulh bitimi asosida ozod qilingan edi. U 19 nafar isroillik garovga olinganlar orasida omon qolgan holda qaytarilganlaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. Kelishuv 19 yanvar kuni kechqurun kuchga kirdi va HAMAS uch nafar shaxsdan iborat birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni HAMAS garovdagi 3 nafar isroillikni,Isroil esa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Shuningdek, 8 fevral kuni HAMAS garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvning beshinchi bosqichi doirasida Qizil Xochga uch nafar garovga olingan isroillikni topshirdi. Isroil esa HAMAS 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing