HAMAS garovga olinganlarni ozod qilishga rozi bo‘ldi, faqat...
Olam
−
15 noyabr 2023
13402Qatar vositachilari HAMAS va Isroil o‘rtasida uch kunlik sulh evaziga garovga olingan 50 ga yaqin tinch aholini ozod qilishni o‘z ichiga olgan kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda bugun, 15 noyabr kuni muzokaralar borishidan xabardor rasmiyga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Muhokama qilinayotgan va AQSH bilan kelishilgan bitimga ko‘ra, Isroil qamoqxonalardagi ba’zi falastinlik ayollar va bolalarni ozod qilishi va G‘azoga yuboriladigan insonparvarlik yordami miqdorini oshirishi ham ko‘zda tutilgan”, degan ismi oshkor etilishini xohlamagan rasmiy.
HAMAS esa buning evaziga 50 ga yaqin garovdagi shaxslarni ozod qiladi. Bu 7 oktyabrdan beri HAMAS tomonidan garovga olinganlarning eng katta miqdorda ozod etilishini anglatadi.
“HAMAS bu kelishuvning umumiy konturlariga rozi bo‘ldi, biroq Isroil rozi emas. U hali ham tafsilotlarni muhokama qilmoqda”, deydi rasmiy.
Uning aytishicha, muhokama qilinayotgan kelishuv doirasida Isroil qancha falastinlik ayollar va bolalarni qamoqxonalardan ozod qilishi noma’lum. Shu bilan birga, kelishuv HAMASdan G‘azoda garovga olingan tirik fuqarolarning to‘liq ro‘yxatini topshirishni talab qiladi.
“Barcha garovga olinganlarni ozod qilish hozircha muhokama qilinmayapti”, deydi agentlik manbasi.
Biroq, Isroil tomoni har qanday sharoitda ham o‘q otishni to‘xtatishni xohlamayapti.
“Agar bizdan garovga olinganlarni qaytarish uchun jangni to‘xtatish talab etilsa ham, o‘z maqsadlarimizga erishmagunimizcha jang va urushni to‘xtatib bo‘lmaydi”, degan Isroilning favqulodda tuzilgan Vazirlar Mahkamasi a’zosi Beni Gans.
Eslatib o‘tamiz, 15 noyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi “Ash-Shifa” tibbiyot markazi hududida quruqlikdagi operatsiyani boshlagandi. Isroil mudofaa kuchlari shifoxonada HAMASning asosiy qo‘mondonlik shtab-kvartirasi joylashgani, shuningdek, tibbiyot markazi ostida 200 ga yaqin HAMAS tarafdorlari yashiringani va 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan garovga olinganlar saqlanayotgan bir necha yerosti majmualari va tunnel borligini da’vo qilgandi.
LiveBarchasi