HAMAS Falastin xalqi manfaatlarini himoya qilmaydi – Mahmud Abbos
Olam
−
16 Oktabr 2023
8920HAMASning harakatlari va siyosati Falastin xalqi manfaatlarini aks ettirmaydi. Bu gapni Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tgan.
Qayd etilishicha, ushbu muloqotda Mahmud Abbos ham falastinliklar, ham isroilliklar o‘rtasida tinch aholining o‘ldirilishiga qarshi ekanini bildirgan. Har ikki tomonni tinch aholi va mahbuslarni ozod qilishga chaqirganini qo‘shimcha qilgan.
“Falastin-Isroil mojarosi siyosiy yechim bilan yakunlanishi kerak, bu esa zo‘ravonliksiz yo‘llar bilan topiladi”, degan u.
Shuningdek, Mahmud Abbos G‘azo sektorida gumanitar yo‘laklar ochilishi, aholi suv va dori-darmon bilan ta’minlanishi kerakligini ta’kidlagan.
Falastin rahbari xalqning G‘azo sektoridan ko‘chirilishini butunlay rad etishiga ishora qilib, buni “falastinliklar uchun ikkinchi Nakba” (falastinlik arablarning 1947-1949 yillardagi arab-isroil urushi oqibatida ketishi) deb atagan.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.