HAMAS delegatsiyasi Moskvaga bordi

Olam

image

HAMASning Xalqaro aloqalar byurosi rahbari Muso Abu Marzuk boshchiligidagi delegatsiyasi Moskvada Rossiya Prezidentining Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov bilan uchrashdi. Bu haqda harakat tomonidan e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

“Siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida falastinliklar qirg‘iniga chek qo‘yish uchun G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish yo‘llari muhokama qilindi. HAMAS harakatining qarshilik bo‘linmalari tomonidan ushlab turilgan mahbuslar bilan bog‘liq dose bo‘yicha pozitsiyasiga aniqlik kiritildi”, deyiladi matnda. 

Qayd etilishicha, HAMAS delegatsiyasi Rossiyaning diplomatik sa’y-harakatlarini, shuningdek, G‘azo sektoridagi Falastin xalqiga ko‘rsatilayotgan rasmiy va ommabop gumanitar yordamni yuqori baholagan.

Shuningdek, delegatsiya “bosqinchi hukumatning falastinliklarga qarshi jinoiy harakatlari xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini” ham ta’kidlagan. 

“Harakat vakillari Falastin xalqining ozodligi va o‘z uylariga qaytish huquqini, shuningdek, noqonuniy ishg‘olga barcha mavjud vositalar bilan qarshilik ko‘rsatish huquqini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.

Rossiya TIV tomonidan e’lon qilingan ma’lumotda esa Bogdanov Muso Abu Marzuk bilan uchrashuvda HAMAS tomonidan asirga olingan tinch aholi, jumladan, uch nafar Rossiya fuqarosini tezroq ozod qilish zarurligini so‘ragani qayd etilgan. 

“Rossiya tomoni 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlar chog‘ida asirga olingan va Falastin fraksiyalari tomonidan ushlab turilgan tinch aholi vakillarini, jumladan, uch nafar Rossiya fuqarosi – Andrey Kozlov, Aleksandr Lobanov va Aleksandr Trufanovlarni tezroq ozod qilish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi TIV xabarida.

Rossiya tomoni suhbat chog‘ida asosiy e’tiborini mojaro hududida davom etayotgan qarama-qarshilik va oqibatda G‘azodagi gumanitar inqiroz halokatli darajaga kelib qolganiga qaratganini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing