HAMAS bugunoq garovdagi amerikalikni qo‘yib yuborishi mumkin

Olam

image

Falastinning HAMAS harakati AQSH fuqarosi bo‘lgan isroillik garovga olingan shaxsni ozod qilishini tasdiqladi. Tegishli bayonot kecha, 11 may kuni harakatning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilindi.

“HAMAS so‘nggi bir necha kun ichida AQSH ma’muriyati bilan muzokaralar olib bordi va maslahatlashuvlar natijasida ijobiy munosabat ko‘rsatish va ikki fuqarolikka ega bo‘lgan isroillik garovga olingan Eden Aleksandrni ozod qilishga qaror qildi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, harakat mahbusning ozod etilishi “G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning bir qismi”, jumladan, anklav bilan chegaradagi “barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish” va insonparvarlik yordamini olib kirishi kerakligini ta’kidladi.

HAMAS garovga olingan shaxs qachon ozod etilishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bermadi, biroq harakat G‘azo bo‘yicha “zudlik bilan intensiv muzokaralarni boshlashga” tayyor ekanini va “G‘azodagi janglarni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishga” e’tibor qaratdi.

“The Times of Israel”ning muzokaralar jarayonida ishtirok etgan manbaga tayanib yozishicha, Eden Aleksandr bugun, 12 may kuniyoq ozod etilishi mumkin.

Bundan oldin, nashr manbasining qayd etishicha, Isroil tomonida bir qator chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak, jumladan, G‘azo sektorining bir qator hududlarida garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha avvalgi operatsiyalarda bo‘lgani kabi, harbiy amaliyotlar va dronlar yordamida havodan kuzatuv to‘xtatilishi kerak.

O‘z navbatida, “The Jerusalem Post” gazetasining yozishicha, garovga olingan isroillik-amerikalik “yaqin 48 soat ichida” ozod etilishi kerak.

Harakat 15 aprel kuni Eden Aleksandrning hibsxonasi isroilliklarning bombardimoniga uchragani va uni qo‘riqlayotgan HAMAS askarlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qilgandi. Uning ahvoli haqida boshqa rasmiy ma’lumotlar yo‘q.

29 aprel kuni HAMASga yaqin bo‘lgan “Maan” agentligi G‘azo bo‘yicha bilvosita muzokaralarda may oyida isroillik garovga olinganlarni, jumladan Eden Aleksandrni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh HAMAS Eden Aleksandr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing