HAMAS bilan sulh tufayli Isroilning uchta vaziri iste’foga chiqdi
Olam
−
20 yanvar
5029Isroilning G‘azo sektorida HAMAS bilan tuzgan sulhiga norozilik sifatida Isroilning uch vaziri iste’foga chiqdi. Bu haqda kecha, 19 yanvar kuni "The Times of Israel" gazetasi o‘ta o‘ngchi "Osma Yehudit" (Yahudiy kuchi) partiyasi bayonotiga tayangan holda xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, "Osma Yehudit" rahbari va Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni HAMAS bilan kelishuvni “terrorizmning to‘liq g‘alabasi” deb atagan va “barcha mafkuraviy qizil chiziqlarni kesib o‘tganlik”da ayblagan. Ben-Gvir, shuningdek, bunday kelishuv "kelajakda o‘g‘irlashlar uchun sharoit yaratishini" aytdi.
Ben-Gvirning partiyadoshlari, meros vaziri Amixay Eliyagu va Negev, Jalila va milliy mustahkamlik vaziri Isxak Vasserlauf ham iste’foga chiqdi. Bundan tashqari, "Osma Yehudit" partiyasi hukmron koalitsiyadan chiqishini e’lon qildi. Uning bayonotida aytilishicha, agar HAMASga qarshi harbiy harakatlar qayta boshlanib, “to‘liq g‘alabaga qadar davom etsa”, ular koalitsiyaga qaytishga tayyor.
Sulh Isroil hukumatining yana bir a’zosi, Moliya vaziri va "Diniy sionizm" partiyasi rahbari Betsalel Smotrich tomonidan tanqid qilindi. Biroq qayd etilishicha, Netanyaxuning u va Ben-Gvir bilan uchrashuvidan so‘ng Smotrich hozircha hukumatni tark etmaslikka va’da bergan, biroq hukumat harbiy harakatlarni qayta boshlash o‘rniga sulhning birinchi bosqichidan ikkinchi bosqichiga o‘tishga qaror qilsa, koalitsiyani tark etish bilan tahdid qilgan.
"Smotrichning ketishi mamlakatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin", deya qayd etadi Isroil OAV.
Kecha, 19 yanvar kuni ertalab G‘azo sektorida 15 oydan ortiq davom etayotgan urushni to‘xtatishga qaratilgan olti haftalik sulh bir necha soatlik kechikishdan so‘ng Isroil va HAMAS o‘rtasida kuchga kirgan edi.
Sulh arafasida Netanyaxu, agar kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Isroil jangovar harakatlarni davom ettirishi va barcha maqsadlariga, jumladan, HAMASni yo‘q qilishiga erishishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Misr bilan chegaradagi Filadelfiya yo‘lagi bo‘ylab Isroil qo‘shinlari kontingenti qisqartirilmaydi, kengaytiriladi.
Sulhning 16-kunida boshlanadigan muzokaralarda urushni tugatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish kelishuvining ikkinchi va uchinchi bosqichlari tafsilotlari muhokama qilinadi.
Sulhning birinchi bosqichi G‘azo sektorida hamon garovga olingan 98 kishidan 33 nafarini ozod qilishi kutilmoqda. Ular orasida: ikki bola, o‘n nafari ayol va 21 nafari erkak, shu jumladan besh nafar harbiy xizmatchi. Buning evaziga Isroil 2000 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qiladi: garovga olingan har bir fuqaro uchun 30 tadan va ayol askar uchun 50 tadan. Bu falastinlik mahbuslardan 737 nafari Isroil qamoqxonalarida, 1167 nafari esa Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlikdagi amaliyoti chog‘ida hibsga olingani aytilmoqda.
Kelishuv kuchga kirganidan keyin yettinchi kuni garovga olingan yana to‘rt nafar fuqaro ozod etilishi kerak. 14, 21, 28 va 35-kunlarda uchta garovga olingan, oxirgi 14 kishi esa oxirgi haftada ozod qilinadi.
LiveBarchasi