Hali hech bir davlat Ukrainaga qiruvchi samolyotlar va’da qilmadi – Kuleba
Olam
−
17 fevral 2023
4418Kiyev hozircha hech qaysi davlatdan qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha va’da olmagan. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bugun, 17 fevral kuni Funke nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Shu paytgacha hech bir davlat qiruvchi samolyotlar yetkazib berish majburiyatini olmagan. Ammo Buyuk Britaniya kabi ba’zi davlatlar hukumatlari ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash haqida e’lon qilgan, boshqalari esa tez orada buni amalga oshiradi”, degan Kuleba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar qarshi hujum uchun muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Ukraina birinchi navbatda, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya qiruvchi samolyotlariga qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, Kuleba Moskva bilan muzokaralarni boshlash shartini ham aytgan. Unga ko‘ra, Rossiya bilan har qanday muzokaralar boshida Ukrainaning hududiy yaxlitligi to‘liq tiklanishi bo‘lishi kerak.
“Menga diplomatik tashabbuslar orqali tinchlikka erishmoqchi bo‘lganlar yoqadi, chunki men o‘zim diplomatman. Biroq bunday tashabbus qanday amalga oshishi mumkin? Tinchlik bahosi Rossiyaning bosib olingan hududlarda qolishiga tengmi?” degan Kuleba.
U, shuningdek, tinchlik va diplomatiya talab qiladigan ko‘pchilik Ukraina mag‘lub bo‘lishini xohlashini ta’kidlagan.
Joriy yilning 31 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Vashington F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga bermasligini aytgan edi. Keyinchalik Buyuk Britaniya Bosh vaziri matbuot kotibi ham hukumat qiruvchi samolyotlarni Ukrainaga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilmagani va bu masala turli tomonlardan o‘rganilishini ma’lum qilgan. O‘z navbatida Germaniya kansleri Olaf Shols va mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib bermoqchi emasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu oy boshida Yevropa bo‘ylab safar qilib, YeI yetakchilaridan Ukrainaga ko‘proq harbiy yordam, xususan, qiruvchi samolyotlar berishini so‘ragan edi. Biroq tashrifdan so‘ng, Fransiya qiruvchi samolyotlar mudofaa emas, balki hujum quroli ekani vaji bilan, Germaniya esa bu masala hozirda kun tartibida emasligi bahonasi bilan Ukrainaga ularni jo‘natmasligini ma’lum qilgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi