Hali ham svetoforda ayrim qizillar bor – Xushnudbek Xudoyberdiyev so‘z erkinligi haqida
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
5708O‘zbekiston milliy axborot agentligi direktori o‘rinbosari, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligi hamda blogerlik faoliyati haqida gapirdi. Xushnudbek Xudoyberdiyev so‘z erkinligini trassadagi haydovchi bilan taqqosladi.
“So‘z erkinligi haqida umumiy xulosam shuki, O‘zbekistonda oxirgi yillardagi so‘z erkinligidagi o‘zgarishlar haqiqatan bor. Buni bloger sifatida ham, axborot agentligi vakili sifatida ham tan olaman. Ammo bu o‘zgarishlar biz uchun hali yetarli emas. Buni ham barchamiz tan olishimiz kerak. Ya’ni biz marraga kelib bo‘ldik, “so‘z erkinligining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib bo‘ldik”, degan xulosaga kelgan kunimizoq jamiyatimiz yoki so‘z erkinligi o‘lishni boshlaydi. Hali oldimizda qiladigan ancha ishlarimiz bor”, deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Bloger so‘z erkinligini trassadagi haydovchi bilan taqqoslab, “hali ham svetoforda ayrim qizillar bor”, deya ta’kidladi.
“Biz xuddi yo‘lga chiqqan haydovchiga o‘xshaymiz. Ilgari 20 tezlikdan oshirish mumkin emasdi. Svetoforlarda juda ko‘p qizil yonardi. Hozir shunaqa yo‘lga chiqdikki, tezlikni oshirsak bo‘ladi, lekin haliyam juda tezlikda keta olmayapmiz. Hali ham svetoforda ayrim qizillar bor. Yashillar ozgina ko‘paydi. Va biz harakat qilishimiz kerakki, katta trassaga chiqib olishga. Kimning imkoniyati yetsa, 200-250 tezlikda yursin. Shunaqa trassaga chiqib olishimiz uchun yo‘llardan ketyapmiz. Har qanaqa trassaga chiqqanimizda ham, 200 tezlikmi, 300 tezlikmi, yo‘l harakati qoidalarini unutmasligimiz kerak. Ya’ni yo‘lda yurish bu – qoidasiz yurish degani emas”, deydi u.
Xushnudbek Xudoyberdiyev davra suhbatini olib borgan Sherzodxon Qudratxo‘jayevning blogerlar qaysidir amaldorga simpatiya bildirishi bilan bog‘liq holatga munosabati haqidagi savoliga javob berdi.
“Blogerlar haqidagi fikrim, ularning kimgadir simpatiyasi bo‘lishi bu normal holat. Chunki bu – individual fikr. Kimdir kimnidir yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi yoki yomon ko‘radi. Bu tabiiy jarayon va uni cheklab bo‘lmaydi. Ammo shu jarayonda ham xolislikni saqlay olsa, bu blogerning o‘z imidji uchun yaxshi. Ya’ni faqatgina xolislikdan uzoq bo‘lgan, bir tomonlama fikrlar bilan chiqayotgan blogerlarni iste’molchilarning o‘zi belgilab qo‘yaveradi. Uni o‘qishdan chekinadi. Ularning so‘zining ta’sir kuchi yo‘qoladi. Doim sub’ektiv yoritib kelayotganlarning ovozi ham balandroq, jarangdorroq eshitiladi. Uni auditoriya ham hurmat qiladi. Bu shaxsiy tanlov deb o‘ylayman”, deydi huquqshunos.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining hozirgi konsepsiyasi haqida gapirib, maqtovlar bilan davlat siyosatini tashviqot qilib bo‘lmasligi va bu bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligi, bundan davlat ham, xalq ham yutqazishini aytdi.
“O‘zbekiston Milliy axborot agentligi davlatning yagona rasmiy axborot agentligi. Bunaqa agentliklar boshqa davlatlarda ham bor. Davlat axborot agentligining maqsadi, vazifalari hammamizga ma’lum. Ammo ishlash formati qanday? Ya’ni O‘zA jahondagi boshqa axborot agentliklari ishlayotgan formatda ishlay olyaptimi, degan savol bugungi kundagi eng muhim savol. O‘zAning hozirgi konsepsiyasi shundayki, maqtovlar bilan davlat siyosatini tashviqot qilib bo‘lmaydi, bu eskirgan uslub. Bu bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Davlat ham yutqazadi, xalq ham”, deydi O‘zA direktori o‘rinbosari.
O‘zA direktori o‘rinbosari O‘zbekistonning bosh rasmiy agentligi so‘z erkinligi indikatorlaridan biriligi, unga qarab O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat yaxshilanganini bemalol sezish mumkinligini aytdi.
“O‘zA faqat hukumatning xalqqa aytmoqchi bo‘lgan gapini yetkazish bilan shug‘ullansa, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan bo‘ladi. Agentlik xalq nima aytmoqchi bo‘layotganini ham hukumatga yetkazadigan oraliq ko‘prikka aylana olishi kerak. O‘zAni kuzatayotganlar yaxshi bilishadi, oxirgi bir yilda tanqidiy-tahliliy materiallar ancha ko‘paygan. Bu yolg‘on emas. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonning bosh rasmiy agentligi so‘z erkinligi indikatorlaridan biri. Ya’ni O‘zAga qarab, [vaziyatni] bemalol sezib olsa bo‘ladi. Agarda tanqid va ochiqlik ko‘paygan bo‘lsa, demak, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat yaxshilanibdi, degan umumiy bir fikr ham paydo bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tadbirda so‘z va matbuot erkinligi masalasiga to‘xtalib, jamiyatga so‘z va matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida ahvol ancha murakkab bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor xalqaro majburiyatlar masalasiga alohida to‘xtaldi.
Suhbatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash jarayonida inson huquqlarini poymol qilmasligi, demokratik erkinliklar esa barcha uchun barobar bo‘lgan qonunlarni buzish uchun qo‘llanilmasligi lozim ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev Xalqaro press-klubning “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusida o‘tgan davra suhbatida noxolis axborotlar tarqalishiga OAV vakillari va blogerlar emas, davlat organlari aybdor ekanini aytib o‘tdi.
LiveBarchasi