Haftaning ikkinchi yarmidan O‘zbekistonga Erondan iliq havo oqimi kirib keladi
Bu qiziq
−
15 mart 2021
13581Bugun, 15 mart kuni O‘zbekiston hududi antitsiklon ta’siri ostida bo‘ladi. Kun davomida havo 3-8° iliqqacha isiydi, bu mart oyining o‘rtasi uchun me’yoriy qiymatlardan ancha sovuqdir. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
16 va 17 martda antitsiklon periferiyasi O‘zbekiston hududidan sekin ortga chekinadi, kechalari biroz sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa asta-sekin isiydi va chorshanba kuniga kunduz kungi harorat 9-14° iliqqacha ko‘tariladi.
Hududlarning ko‘p qismida ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida salqin va nam havo massalari kirib kelishi hisobiga ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Haftaning ikkinchi yarmi boshidan Eron hududlaridan quruq va juda iliq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati ayniqsa kunduz kunlari keskin ko‘tariladi. Ish haftasining oxiriga kelib, harorat kunduz kunlari 20-25° iliq, janubda 27° iliqqacha bo‘lgan qiymatlarga yetadi va me’yordan 6-8° ga ko‘p bo‘ladi.