Habib UFC’dan ketish sababini aytdi
Sport
−
21 may 2991 2 daqiqa
Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov UFC bosh direktori Dana Uaytning da’volarini rad etib, aralash yakkakurash sportni pul sabab tark etmaganini aytdi. Bu haqda u o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Dana Uayt noyabr oyida “Prince St” YouTube kanaliga bergan intervyusida Nurmagomedov UFC’ning Yaqin Sharqqa kengayishi ortidan paydo bo‘lgan moliyaviy imkoniyatlar tufayli faoliyatini yakunlaganini aytgan edi. U, shuningdek, Habibning otasi vafoti ham bu qarorga ta’sir qilganini ta’kidlagan.
“Ba’zan internetda shunday sarlavhalarni o‘qiyman. Men internetdagi har bir gapga izoh beradigan odam emasman, lekin Dana bunaqa gapirsa, bu hamma joyga tarqaladi. Bu mutlaqo yolg‘on. Hech kim menga millionlar bermagan. Mening ko‘p pul topganim uchun sportni tark etganim haqidagi gaplar ham yolg‘on. Butun dunyo haqiqiy sababni biladi. Men bu haqda avval ham ko‘p marta gapirganman va yana takrorlashning hojati yo‘q”, deb yozdi Nurmagomedov.
37 yoshli Nurmagomedov 2020 yil oktyabr oyida amerikalik Jastin Getji ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng faoliyatini yakunlagan edi. O‘sha jangda u UFC yengil vazn toifasi chempionlik kamarini uchinchi marta muvaffaqiyatli himoya qilgan.
G‘alabadan keyin Habib onasiga bu uning oxirgi jangi bo‘lishiga va’da berganini va otasisiz jang qilishni istamasligini aytgandi. 2020 yil iyul oyida uning otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov koronavirus asoratlari tufayli vafot etgan edi.
Faoliyati davomida Habib Nurmagomedov 29 ta jang o‘tkazib, biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may