HAMAS Turkiyaga ko‘chdi – OAV
Olam
−
18 noyabr
7526HAMAS harakatining yuqori martabali a’zolari Doha Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilikdan voz kechgandan so‘ng Qatardan Turkiyaga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Noyabr oyi boshida Qatar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilikni to‘xtatgandi. Qatar TIV rahbari Majid bin Muhammad Al-Ansoriy agar ikkala tomon ham G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish masalasini hal qilishda katta jiddiylik ko‘rsatsa, Doha yana vositachilik qilishga tayyorligini aytgandi.
“HAMASning yuqori martabali a’zolari o‘tgan hafta Qatardan Turkiyaga ko‘chib o‘tdi, chunki Doha G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda vositachilikdan voz kechishlarini aytdi”, deyiladi xabarda.
Anonim qolish sharti bilan gapirgan arab diplomatining “The Times of Israel”ga ma’lum qilishicha, HAMAS harakati rahbariyati Qatar Isroil bilan muzokaralarda rasmiy ravishda vositachi bo‘lgan paytda ham Turkiyada ko‘p vaqt o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qatar hukumati Isroildan amirlik hududida HAMAS yetakchilariga hujum qilmaslik majburiyatini olishni so‘ragandi. Qayd etilishicha, Qatar tomonidan bildirilgan bu talab amirlikning HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilik qilishni to‘xtatish va guruh rahbariyatini mamlakatdan chiqarib yuborish qaroriga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi