Zaxarova Ozarbayjon va Armaniston mojarosi bo‘yicha Rossiyaning pozitsiyasini ochiqladi

Olam

image

Rossiya Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni normallashtirish uchun jadal harakatlarni davom ettirmoqda. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. 

“Mamlakatimiz Baku va Yerevan bilan aloqada Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni deyeskalatsiya qilish bo‘yicha kuchli sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda”, deydi u. 

Zaxarova Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti orqali ham tegishli choralar ko‘rilayotganini eslatib, barqaror o‘t ochishni to‘xtatish va barcha kuchlarni avvalgi pozitsiyalariga olib chiqish zarurligini ta’kidlagan. 

Shu bilan birga, diplomat bir qator mintaqaviy bo‘lmagan o‘yinchilarning Janubiy Kavkazga beqarorlik olib kelish yoki Ukrainadagi beqarorlik holatini postsovet makonining boshqa qismiga o‘tkazishga urinishlariga e’tibor qaratdi.  

Uning qayd etishicha, bugun ushbu o‘yinchilar kelishuvlarni amalga oshirish g‘ildiragiga to‘siq qo‘yishga harakat qilmoqda. 

“Biz Janubiy Kavkazda barqarorlik garovi Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi uch tomonlama bayonotlarining barcha qoidalari to‘liq amalga oshirilishi ekanligiga ishonishda davom etamiz. Biz hozirgi sharoitda barcha yo‘llar, jumladan, mintaqadagi iqtisodiy va transport aloqalarini blokdan chiqarish, chegarani delimitatsiya qilish va tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib borish bo‘yicha ishlarni faollashtirishni muhim deb bilamiz”, deydi Zaxarova.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni soat 18:00 atrofida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid ravishda Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Kalbajar tumanining Alagyollyar yo‘nalishida Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalarini turli kalibrli qurollardan o‘qqa tutdi.

Otishma oqibatida Ozarbayjon armiyasi harbiy xizmatchisi Nijat Hidoyat o‘g‘li Iskandar yaralangan. Askarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Mariya Zaxarova

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing