O‘zbekistondagi neft mahsulotlari zaxirasi qanchaga yetishi aytildi

Jamiyat

image

Hozirgi kunda O‘zbekistonda mavjud neft mahsulotlarining zaxirasi ikki-uch oyga yetadi. Bu haqda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Axborot” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Hozir geosiyosiy vaziyatda boshqa davlatlarda energetika xavfsizligiga ham tahdid qilinganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun neft mahsulotlarining faqatgina zaxirasini emas, bu mahsulotlarning ishlab chiqarish ob’ektlarini rivojlantirish juda muhim”, deydi u.

Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 million 200 ming tonnadan oshgan. Xususiy tadbirkorlar tomonidan ham chetdan 600-700 yana ming tonna mahsulot olib kelinadi. Mamlakatning ehtiyoji shu hisobdan qoplanadi.

“Kuz-qishga alohida reja qilib olganmiz. Yetarlicha zaxiralar yaratilgan va ichki ishlab chiqarishimiz bor. Shularni hisobga oladigan bo‘lsak, o‘zimizda 100 ming tonnadan oshiq mahsulot ishlab chiqariladi. Ya’ni men ishontirib aytamanki, mana kelasi ikki-uch oyda bizning zaxiramiz yetarli”, deydi Mamadaminov. 

Uning aytishicha, bundan tashqari, kuz-qishga tayyorgarlik bo‘yicha alohida reja tayyorlangan.

“Yoqilg‘i ta’minoti bo‘yicha, yoqilg‘i ta’minotining logistikasi qanaqa ishlashi – bularning hammasi bo‘yicha vazirligimiz tomonidan har hafta yig‘ilish o‘tkaziladi. Elektr ta’minoti, gaz ta’minoti bo‘yicha ham, butun yoqilg‘i tizimlari bo‘yicha ham alohida-alohida to‘xtalib, biz har hafta buni muhokama qilamiz va buni aniq rejasini qilib olganmiz”, deydi u.

Shuningdek, vazir o‘rinbosarining aytishicha, kuz-qish mavsumida ishlaydigan brigadalar soni va zaxiralar bo‘yicha aniq hisob-kitob mavjud.

“Ishonchim komil, mana butun tizim tashkilotlarimiz, hududlar va boshqa tarmoq vakillari bilan birgalikda kuz-qishni betalofat o‘tkazamiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yilning dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing