O‘zbekistonda odamlarni namoyishga chiqishga undayotgan kimsalar qidirilyapti
Jamiyat
−
14 mart 2020
19327Ma’lumki, “UzAuto Motors” kompaniyasi joriy yilning 9 martidan e’tiboran Damas va Spark avtomobillari narxini 21 foizgacha, Nexia, Cobalt va Lacetti avtomobillarining narxini 15 foizga oshirgan edi. Ushbu voqealik jamiyatda e’tirozlarga sabab bo‘lib, bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Kecha, 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazmda o‘tgan yig‘ilishda “UzAuto Motors” narxlarni oshirishini tanqid qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar bunday vaziyatlarda tinch turmaydi. Paytdan foydalanib, rejasini amalga oshirish maqsadidagi kishilar doim topilgan. Jumladan, YouTube va Facebook’da odamlarni narxlar oshgani uchun namoyishga chiqishga undaganlar ham topildi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holatga quyidagicha munosabat bildirdi:
“Yaqinda yengil avtomobillar narxini oshirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi xabar e’lon qilingach, internet tarmog‘ida norozilik bildirish uchun to‘planishga chaqiriqlar tarqamoqda.
Hurmatli hamyurtlar! Sizdan ig‘vogarlik chaqiriqlardan ta’sirlanmaslikni va faqatgina qonun doirasida harakat qilishingizni so‘raymiz.
Unutmang, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201 moddasiga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan (14 316 600 so‘m) sakson baravarigacha (19 088 800 so‘m) miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda mazkur chaqiriqlarni tarqatayotgan shaxsning faol qidiruvi olib borilmoqda”.
LiveBarchasi