Urushni o‘rganish instituti Rossiyaning Xarkovga hujumini baholadi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasining Xarkovga hujum qilishidan asosiy maqsadi Ukrainada “bufer zona” yaratishdir. Bu haqda Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari ma’lum qildi.

ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, ruslar Xarkov viloyatining shimoliy qismiga 8 kilometrdan ortiq kirib bormagan. Ularning fikricha, Rossiya Federatsiyasining maqsadi "bufer zona" yaratish va mintaqaga chuqurroq kirib bormaslikdir.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya "kamroq himoyalangan" hududlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng hujum sur’atini sekinlashtirgan. Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina harbiylari bilan birgalikda Xarkov viloyati shimolidagi vaziyat “qisman barqarorlashgani”ni aytgan.

"Xortitsa" operativ-strategik qo‘shinlari guruhi vakili Nazar Voloshinning aytishicha, ruslar Lukyans va Volchansk yaqinida taktik muvaffaqiyatlarga erishishga intilmoqda. Shu tarzda ular kelajakdagi hujumlar uchun tramplin yaratmoqchi. Biroq Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumlari, artilleriya va dron zarbalari dushmanning bu hududlarda mustahkam o‘rnashib olishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Xarkov viloyati harbiy boshqarmasi vakillarining ta’kidlashicha, ruslarning doimiy o‘qqa tutishi tufayli Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradan 3-5 kilometr masofada o‘z pozitsiyalarini mustahkamlay olmayapti. Shu bois ham chegaradan 13 va 20 kilometr masofada birinchi va ikkinchi mudofaa chiziqlari yaratilgan.

Tahlilchilar rus qo‘shinlari Xarkov viloyatining shimoliy qismida sakkiz kilometrdan ko‘proq oldinga o‘tmaganini tasdiqlamoqda.

"Rossiya bosqinchilari Ukrainaning chegara yaqinidagi mudofaa pozitsiyalariga bemalol hujum qilishlari mumkin. Rossiyaning orqa hududlariga hujum qilish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga bo‘lgan cheklovlar ushbu pozitsiyalarni zaif va potensial himoyasiz qiladi", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina rasmiylari delegatsiyasi AQSH Kongressini Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurolidan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishini so‘rab, Vashingtonga borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing