Ukraina Rossiyaning logistika markazlarini bombardimon qildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
18 iyul 6796 2 daqiqa
Bugun, 18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlaridagi logistika markazlariga hujum qildi. Oqibatda kamida 7 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Tambov viloyati gubernatori Yevgeniy Pervishovning ma’lum qilishicha, dronlar Kotovsk shahridagi Wildberries logistika markaziga zarba bergan. Hujum oqibatida tungi smenada ishlagan 7 nafar xodim halok bo‘lgan. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 25 kishi jabrlangan. Ulardan 22 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 5 nafari og‘ir ahvolda, yana 3 kishiga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lum qilinishicha, ombor hududidagi ochiq yong‘in bartaraf etilgan bo‘lsa-da, yong‘inni to‘liq o‘chirish ishlari davom etmoqda.
Wildberries matbuot xizmati dronlar kompaniyaning Moskva viloyatidagi Elektrostal shahrida joylashgan logistika markaziga ham hujum qilganini tasdiqlagan. Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning bildirishicha, ushbu hujum oqibatida 24 kishi jarohat olgan, ularning bir qismi og‘ir ahvolda. Omborda yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Vorobyov dronlar hujumi oqibatida Noginsk shahridagi neft bazasida ham yong‘in kelib chiqqanini ma’lum qilgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan neft bazasi yaqinida joylashgan tug‘uruqxona evakuatsiya qilingan.
Bundan tashqari, Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning ma’lum qilishicha, dronlardan biri Vladimir shahridagi ko‘p qavatli uy xonadoniga urilgan va yong‘in yuzaga kelgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa Ukraina hujumlariga javoban Rossiya qo‘shinlari yuqori aniqlikdagi qurollar va dronlar yordamida faqat Ukraina harbiy ob’ektlari hamda harbiy-sanoat korxonalariga zarbalar berayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaning Nikolayev shahridagi port infratuzilmasiga dronlar bilan hujum qilishi oqibatida chet el bayrog‘i ostidagi kemada bo‘lgan ikki nafar Ukraina fuqarosi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi