Trampning tug‘ilish bo‘yicha fuqarolikni bekor qilish farmoni noqonuniy deb topildi
Olam
−
30 iyun 2835 3 daqiqa
AQSH Oliy sudi Prezident Donald Trampning mamlakat hududida tug‘ilgan bolalarni avtomatik ravishda fuqarolikdan mahrum qilishga qaratilgan farmonini noqonuniy deb topdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, besh nafar sudya farmonni Konstitutsiyaga zid deb topgan, yana bir konservativ sudya – Brett Kavano esa konstitutsiyaviy masalaga to‘xtalmagan holda, uni federal qonunchilik nuqtai nazaridan noqonuniy deb hisoblagan.
Tramp o‘zining ikkinchi muddatidagi ilk ish kunida – 2025 yil 20 yanvarda imzolagan farmon davlat organlariga qonuniy maqomga ega bo‘lmagan, shuningdek, mamlakatda vaqtinchalik (talabalik, ishchi yoki turistik viza bilan) bo‘lib turgan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarga fuqarolik hujjatlarini bermaslikni buyurgan edi. Oliy sud esa ko‘p yillik amaliyotni tasdiqladi: Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatish AQSH hududida tug‘ilgan deyarli har qanday bolaga kamdan-kam holatlar (masalan, diplomatlarning farzandlari) bundan mustasno bo‘lgan holda avtomatik ravishda fuqarolikni beradi. Ushbu tamoyil sudning 1898 yildagi San-Fransiskoda xitoylik ota-onadan tug‘ilgan Vong Kim Ark ishi bo‘yicha chiqargan qarori bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
Farmon qator sud jarayonlari to‘lqiniga sabab bo‘ldi: bir nechta shtatlardagi federal sudyalar uni bloklab qo‘ydi va natijada ish Oliy sudgacha yetib bordi. 2025 yilning iyun oyida oliy instansiya sudi ushbu ish bo‘yicha qaror chiqargan edi – o‘shanda sud federal sudyalar Prezident farmonlarini umummilliy darajada cheklashga haqli emasligi to‘g‘risida qaror chiqarib, bu bilan Trampga farmonni ijro etish uchun vaqtinchalik yo‘l ochib bergandi. Ushbu qarordan so‘ng, ACLU huquqni himoya qilish tashkiloti farmon daxl qilgan oilalar nomidan jamoaviy da’vo arizasi kiritdi va Oq uy administratsiyasi tomonidan Oliy sudga shikoyat qilingan dastlabki sud taqiqiga erishdi.
Prezidentning suddagi vakili Jon Sauer fuqarolikning ommaviy ravishda berilishi noqonuniy migratsiya va “tug‘uruq turizmi” uchun o‘ziga xos “magnit” yaratishini ta’kidlab, shunday dedi:
“Biz 8 milliard aholi AQSH fuqarosi bo‘ladigan bolani dunyoga keltirish uchun bor-yo‘g‘i birgina aviaparvoz masofasida turgan yangi dunyoda yashayapmiz”.
Yuridik jihatdan uning pozitsiyasi ushbu o‘zgartirishning matniga asoslangan edi: fuqarolikni AQSH hududida tug‘ilgan va AQSH yurisdiksiyasiga bo‘ysunuvchi shaxslar oladi. Sauerning so‘zlariga ko‘ra, agar bolaning ota-onasi AQSHda doimiy maqomga ega bo‘lmasa, ya’ni Qo‘shma Shtatlarga siyosiy sodiqlik ko‘rsatmasa, ushbu bola mamlakat yurisdiksiyasiga bo‘ysunuvchi deb hisoblanishi mumkin emas. ACLU yuristi Sesiliya Uang esa bu tushuncha an’anaviy tarzda faqat diplomatlarning farzandlari va tor doiradagi istisnolarga taalluqli ekanini, administratsiyaning talqini esa tuzatish matniga ham, Vong Kim Ark ishi bo‘yicha pretsedentga (sud namunasiga) ham va o‘n yillik huquqni qo‘llash amaliyotiga ham zid ekanini aytib e’tiroz bildirdi.
Bir guruh huquq professorlari tomonidan sudga taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, Trampning farmoni yiliga taxminan 250 ming bolani fuqarolikdan mahrum qilardi, 2045 yilga borib esa, bu raqam qariyb 5 million kishini tashkil etishi mumkin edi va ularning bir qismi umuman hech qaysi davlat fuqaroligisiz qolib ketishi xavfi bor edi.
Ma’lumot uchun, AQSH – dunyodagi tug‘ilish huquqi bo‘yicha fuqarolik berish tamoyili amal qiladigan taxminan 35 ta davlatdan biridir. Dunyodagi aksariyat davlatlar fuqarolikni faqat ota-onasi shu mamlakat fuqarosi bo‘lgan taqdirdagina taqdim etadi.
Live
Barchasi