Tramp Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklamoqchi
Olam
−
17 iyun 1580 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan tinchlik kelishuvi imzolanishi va Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi fonida Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
“Yaqin orada buni amalga oshirishimiz mumkin, chunki hozir Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berilmoqda. Biz sanksiyalarni olib tashlagandik, chunki neft ta’minotiga to‘sqinlik qilishni istamagandik. Shunday ekan, yaqin orada bunga imkoniyat paydo bo‘ladi”, degan Tramp.
AQSH mart oyi o‘rtalarida dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftiga qo‘yilgan cheklovlarning bir qismini vaqtincha yumshatgan edi. Bunga jahon bozorida yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Dastlab imtiyoz 30 kunga berilgan, keyinchalik esa ikki marta yana bir oydan uzaytirilgan. Hozir amalda bo‘lgan istisno muddati 18 iyunda yakunlanadi.
AQSH va Eron 19 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzolashi kutilmoqda. Kelishuv 60 kunlik sulh va Hurmuz bo‘g‘ozining ochilishini nazarda tutadi, biroq uning barcha tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan.
Tramp Eron bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng, endi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yana kuchaytirishini ham bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi eng yirik 21-sanksiyalar paketi doirasida 170 dan ortiq yangi cheklov joriy etishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi