Toshkentdan Chimkentgacha: Markaziy Osiyoda qanday yangi stadionlar qurilyapti?
Sport
−
19:57 226 4 daqiqa
2026 yilda Dushanbe va Bishkekda yangi yirik arenalar foydalanishga topshirildi. Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion qurilyapti, Qozog‘iston esa Olmaota va Chimkentda bir vaqtning o‘zida ikkita yirik loyihani amalga oshirmoqda.
Markaziy Osiyoda bir vaqtning o‘zida futbol infratuzilmasining bir nechta yirik loyihalari amalga oshirilmoqda. Dushanbeda yangi Milliy stadion allaqachon foydalanishga topshirildi, Bishkekda mintaqadagi eng katta yangi arena qurilishi yakunlandi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda esa ishlar davom etmoqda.
Loyihalar nafaqat hajmi, balki konsepsiyasi bilan ham farq qiladi. Ba’zilari asosan futbol va xalqaro turnirlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, boshqalari tijorat va ko‘ngilochar ob’ektlarni o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli majmua sifatida barpo etilmoqda.
Dushanbe: 30 ming o‘rinli yangi Milliy stadion

2026 yil 21 avgustda Dushanbedagi yangi Milliy stadion foydalanishga topshirildi. Arena 30 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan. Quyi bo‘limda 12 mingdan ortiq, yuqori bo‘limda esa 18 ming o‘rin nazarda tutilgan. Majmua 9,5 gektar maydonni egallaydi, binoning umumiy maydoni 42 ming kvadrat metrdan oshadi. Stadion besh qavat va yordamchi yerto‘la qismidan iborat bo‘lib, balandligi 33 metrni tashkil etadi.
Maydoni 105 ga 68 metr bo‘lgan futbol maydoni xalqaro talablarga to‘liq javob beradi. Yangi stadion milliy terma jamoalar o‘yinlari, klub turnirlari va boshqa yirik tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan.
Bishkek: 51 ming o‘rin va 386 million dollar

Qirg‘izistonda 2026 yilda “Bishkek Arena” qurilishi yakunlandi. Stadion 51 252 tomoshabinga mo‘ljallangan. Uning umumiy maydoni 194 248 kvadrat metr, balandligi esa 70 metrni tashkil etadi. Qurilishning smeta qiymati 386 million dollarni tashkil etadi.
Bu shunchaki futbol arenasi emas. Ichki qismida maydoni qariyb 36 ming kvadrat metr bo‘lgan savdo markazi, do‘konlar, supermarket, restoran va qahvaxonalar, kinozal, sport zali hamda boshqa tijorat xonalari joylashgan.
31 avgust kuni “Bishkek Arena” VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimini qabul qildi. Shu bilan birga, stadionning o‘zini rasmiy ochilish marosimi 5 oktyabrga belgilangan.
Yangi Toshkent: 100 million dollarga 55 ming o‘rin

O‘zbekistonda eng yirik yangi futbol arenasi qurilmoqda. Yangi Toshkentdagi stadion 55 ming tomoshabinga mo‘ljallanadi. Uning qurilishi 2025 yilning noyabr oyida boshlangan bo‘lib, 2026 yilning iyul oyi oxiriga kelib ishlarning 65 foizi bajarib bo‘lingan. Olti qavatli majmua FIFA talablari asosida barpo etilmoqda. Arena yonida uchta mashg‘ulot maydoni, 5,5 mingta avtomobil uchun turarjoy va metro bekati ko‘zda tutilgan.

Bunday yirik arenaning barpo etilishiga asosiy sabab – 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati (U-20) hisoblanadi. Yangi Toshkentda turnirning yarim final va final o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tamal toshini qo‘yish chog‘ida loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etishini ma’lum qilgan edi.
Olmaota: 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion
Olmaotada 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan xalqaro darajadagi yangi futbol arenasi qurilmoqda. Stadion Qulja va Tolg‘ar traktlari oralig‘ida qad rostlamoqda. Loyiha uchun qariyb 32 gektar yer maydoni ajratilgan. Arena UEFA’ning to‘rtinchi kategoriyasi talablariga javob berishi kerak, bu esa u yerda yuqori darajadagi xalqaro futbol o‘yinlarini o‘tkazish imkonini beradi.

Loyiha tarkibiga, shuningdek, mashg‘ulot maydonchalari, jamoalar va sportchilar uchun xonalar, muxlislar hududi va yondosh transport infratuzilmasini rivojlantirish kiradi. Qurilishni 2028 yilning mart oyida yakunlash rejalashtirilgan.
Chimkent: arena sig‘imini 60 ming o‘ringa yetkazishga qaror qilindi

Ko‘rib chiqilayotgan loyihalar orasida eng sig‘imdori Chimkentda paydo bo‘lishi mumkin. Dastlab yangi stadion 35 ming tomoshabinga mo‘ljallab rejalashtirilgan edi, biroq sentyabr oyida hokimiyat organlari loyiha qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Endilikda uning sig‘imini 60 ming o‘ringacha oshirish nazarda tutilmoqda. Agar yangilangan loyiha amalga oshirilsa, ushbu stadion mintaqadagi yangi arenalar to‘lqini orasida eng sig‘imdoriga aylanadi.
Shu bilan birga, tendensiya juda aniq: mintaqadagi yangi stadionlar tobora nafaqat futbol o‘yinlari o‘tkaziladigan maskan, balki yil bo‘yi foydalanish mumkin bo‘lgan sport-mashg‘ulot, transport, tijorat va ko‘ngilochar infratuzilma bilan yaxlit majmua sifatida loyihalashtirilmoqda.
Live
Barchasi