AQSH O‘zbekistonning ishiga aralashmoqchi emas yoxud Toshkent kim bilan do‘stlashishni o‘zi biladi
Tahlil
−
21:45 738 10 daqiqa
40 million iste’molchiga ega katta bozor, yuzlab qimmatbaho material konlari, tobora o‘sib borayotgan iqtisodiyot va yana bir qancha serjilo ta’riflar. Bugun O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo uchun darvoza, balki “cho‘ntagi to‘la” biznes hamkor hamdir va buni AQSH ham tobora aniqroq anglab bormoqda.
AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan safari aynan 19 oktyabr kuni Samarqanddan boshlangani ham Vashingtonning Markaziy Osiyoga, jumladan O‘zbekistonga e’tibori ortib borayotganining isbotidir.
Rubio Samarqandda
Rubioning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi Samarqand bilan boshlandi. 18 oktyabr kuni AQSH davlat kotibi Marko Rubio rafiqasi Janet Rubio bilan Samarqandga yetib keldi. Shuningdek u bilan 200 dan ortiq amerikalik biznes vakillari tashrif buyurdi. Ularni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor va AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik kutib oldi.
Keyingi kun davomida Rubio O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari bilan uchrashdi. Unda savdo va investitsiyalar, energetika, muhim minerallar, ilg‘or texnologiyalar, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar hamda xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Saidov ushbu mexanizm ishga tushirilishini ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.
“Biz Qo‘shma Shtatlar bilan mustahkam, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik o‘rnatish tarafdorimiz. Sizning O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoga ko‘rsatayotgan e’tiboringizni hamda munosabatlarimizni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissangizni yuqori baholaymiz. Bugungi uchrashuv ushbu ijobiy dinamikani yanada rivojlantirishga va yangi imkoniyatlarni topishga yordam berishiga aminman”, deydi Saidov.
Tashrifning eng salmoqli iqtisodiy natijalaridan biri – umumiy qiymati 12 milliard dollar bo‘lgan 54 ta shartnoma va kelishuvlar paketi bo‘ldi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlar sanoat, transport, energetika, konchilik, moliya, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’limni qamrab oladi. GE Aerospace Uzbekistan Airways aviakompaniyasining yangi samolyotlari uchun dvigatellar etkazib berish, Wabtec esa temir yo‘l texnikasi va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish yo‘nalishida hamkorlik qiladi. Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan kelishuvlar xalqaro kapital bozorlariga chiqish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan.
Tashrifning boshqa bir muhim jihati – O‘zbekistonning kosmik tadqiqotlar sohasidagi hamkorligi. Samarqanddagi muzokaralardan so‘ng tomonlar Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tinch maqsadlarda o‘rganish tamoyillarini belgilovchi “Artemida” bitimlarini imzoladi. O‘zbekiston ushbu kelishuvlarga qo‘shilgan 77-davlat bo‘ldi. Hujjat NASA va boshqa ishtirokchi mamlakatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorlik qilish, milliy mutaxassislarni tayyorlash hamda texnologiyalar transferi uchun imkoniyatlarni kengaytirishi kutilmoqda.
Hali O‘zbekistonga safar boshlanishidan oldin jurnalistlarga bergan intervyusida AQSH davlat kotibi Samarqandga tashrifning sababi va ko‘zlangan maqsad haqida bayonot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Markaziy Osiyoning besh davlati bilan ham aloqalarni rivojlantirishni xohlaydi.
“Bu nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi boshqa to‘rtta mamlakat hamdir. Bu juda muhim munosabatlar”, degan u.
Vashinton butun mintaqa bilan integratsiya istayapti, Samarqand esa Markaziy Osiyoning markazi o‘laroq qolgan to‘rt davlatni ham jipslay oluvchi muhim manzil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tashrif davomida Rubio Registon maydonini ziyorat qilar ekan, Samarqandning tarixan savdo-sotiq markazlaridan biri ekanligiga ham alohida urug‘u berdi. U shaharning ko‘p asrlar davomida jahon savdosi o‘tgan muhim manzil sifatidagi o‘rnini alqab, bu takrorlanayotganini va AQSH buning bir qismi bo‘lishni istashini aytdi. Bu esa o‘z navbatida Amerikaning O‘rta koridor va Xitoyning “Bir kamar bir yo‘l” loyihalarida o‘z milliy manfaatlarini saqlash va geosiyosiy o‘yinda raqiblaridan ortda qolib ketmaslikka harakatini ham ifodalaydi.
Shuningdek Rubio kelgusi yillarda AQSH prezidentining ham O‘zbekistonga tashrif buyurish ehtimoli borligini bildirib, bu ustida ishlashini aytgan.
“Biz buni ko‘rishni juda xohlaymiz va kelgusi yilda bu ustida ish olib boramiz. Biz aniq sanalarni ko‘rib chiqishimiz kerak va menimcha, agar iloji bo‘lsa, u kelishni xohlaydi”, degan AQSH davlat kotibi.
Bundan tashqari o‘rtada davlat rahbarlari darajasidagi takliflar ham bor. Jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Donald Trampni bir necha bor mamlakatga taklif qilgan. AQSH rahbari ham bu takliflarni mamnuniyat bilan qarshilagan. Shuningdek, AQSHning sobiq global sheriklik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli ham Trampning O‘zbekistonga kelishni istashini aytgan edi.
Shunday ekan, qaysidir ma’noda, Rubioning ushbu safarini AQSH prezidenti tashrifi oldidan tayyorgarlik sifatida ham ko‘rish mumkin. Agar barchasi ko‘ngildagidek kechsa, Rubio Trampga yaqin odam, uni safarga ko‘ndirishi mumkin. Bir tomoni Rossiya, boshqa tomoni Xitoy bilan tutashgan Markaziy Osiyoning o‘rni ham so‘nggi yillarda oshib borayotgani bunga turtki bo‘lsa ajab emas.
Hali hech qaysi bir AQSH prezidenti Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagan. Ammo oxirgi yillardagi mintaqaning ortib borayotgan iqtisodiy jilosi Trampni ham bu tashrifga chorlasa ajab emas.
Markaziy Osiyo va AQSH
Rubioning Samarqandga kelishi, avvalo, C5+1 formatining ahamiyatini ham ko‘rsatdi. AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi ushbu muloqot 2015 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yili noyabr oyida Vashingtonda o‘tgan sammitdan keyin iqtisodiy yo‘nalishda yanada faollashdi. Rubio o‘sha uchrashuvdan buyon mintaqa mamlakatlari bilan 25 milliard dollardan ortiq tijorat kelishuvlari va bitimlariga erishilganini, savdo va investitsiyalar sohasida yana 100 milliard dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Transkaspiy transport yo‘nalishini rivojlantirish, muhim minerallar ta’minot zanjirlarini mustahkamlash va mintaqaning texnologik tarmoqlari uchun minglab yosh mutaxassislarni tayyorlashdan manfaatdor. B5+1 biznes-forumi orqali esa hukumatlar va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo nafaqat geografik jihatdan Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik, balki muhim minerallar, transport yo‘laklari va yangi bozorlarga chiqish nuqtasi hamdir. Rubio mintaqani Osiyo va Yevropaning “yuragi” deb atab, uning global savdodagi tarixiy rolini yana kuchaytirish mumkinligini ta’kidlagani ham bejiz emas.
“Bilasizmi, Markaziy Osiyo, ehtimol, Osiyo va Yevropaning yuragi hisoblanadi. Tarixan Markaziy Osiyo G‘arb va Sharq o‘rtasidagi savdo-sotiqning chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugun esa global hamkorlikning yanada kengroq qayta tiklanishi doirasida u transmilliy tijoratda yana o‘sha muhim rolni o‘ynash asnosida turibdi. Ammo Markaziy Osiyo, shuningdek, sarmoyalar uchun yangi maydon hamdir. U eksport uchun yangi manzil – barcha xalqlar kelajagi uchun juda muhim bo‘lgan materiallar yetkazib beriladigan markaziy terminal vazifasini o‘taydi”, deydi Rubio.
AQSH uchun Transkaspiy yo‘lagi orqali muqobil logistika imkoniyatlarini kengaytirish, muhim minerallar ta’minotini diversifikatsiya qilish va Amerika kompaniyalarining mintaqadagi ishtirokini oshirish iqtisodiy manfaatlar bilan birga strategik ahamiyatga ham ega.
Shu bilan birga, Vashingtonning mintaqaga yondashuvida Xitoy omili ham sezilmay qolmaydi. Registon maydonida jurnalistlar savoliga javob bergan Rubio AQSHning maqsadi – Markaziy Osiyo davlatlaridan boshqa mamlakatlar bilan aloqalarini uzishni talab qilish emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Amerika kompaniyalari uchun adolatli raqobat va bozorga kirish imkoniyatini yaratish haqida bormoqda. U O‘zbekiston barcha davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatishni istashini ochiq bildirganini ham qayd etib, Toshkentning ko‘p vektorli tashqi siyosatini alohida hurmat qilishini bildirdi.
“Ular hamma bilan munosabat o‘rnatishni istashadi. Ular hamma bilan iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lishni xohlashadi. Biz esa, manfaatdor ekanimizni aytmoqdamiz va shu sababli bu yerga biz bilan birga 300 ga yaqin Amerika biznes vakillari ham keldi. Ular qanday imkoniyatlar mavjudligini ko‘rishni intizorlik bilan kutishmoqda va hatto ayrimlari biroz keyinroq e’lon qiladiganimiz – kelishuvlarni tuzib bo‘lishdi”, deydi Rubio.
Rubio tashrifi doirasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar ham yodga olindi. Saidov bilan birgalikda u “O‘zbekiston va AQSH: asrlar va qit’alar osha mushtarak tarix” ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Unda Ahmad al-Farg‘oniyning ilmiy merosi, Edgar Allan Poning Amir Temurga bag‘ishlangan asari, amerikalik sayohatchilarning O‘zbekiston haqidagi yozuvlari va 1973 yilda yo‘lga qo‘yilgan Toshkent – Sietl birodarlik aloqalariga oid materiallar namoyish etildi.
Shuningdek, kun so‘nggida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH delegatsiyasini qabul qilib, Marko Rubio va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni davlat mukofotlari bilan taqdirladi. AQSH Davlat kotibi “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsa, Serjio Gor O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda strategik sheriklikni kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tramp va O‘zbekiston
Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin AQSHning O‘zbekiston bilan munosabatlarida yangi davr boshlangani haqida ko‘p gapirildi. O‘nlab milliard dollarlik tijoriy kelishuvlar, siyosiy qo‘llovlar va Amerika kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi yaqinda boshlangani yo‘q, ammo so‘nggi yillarda har qachongidanda tez o‘sib bordi.
O‘zbekiston – AQSH munosabatlari Trampning ikkinchi prezidentlik muddati bilan boshlangan emas. Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Vashingtonga tashrifi chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolangan, Amerika kompaniyalari bilan milliardlab dollarlik kelishuvlar e’lon qilingan edi. Keyingi yillarda ham siyosiy muloqot, savdo, xavfsizlik va Afg‘oniston masalalari bo‘yicha hamkorlik davom etdi. 2015 yilda Samarqandda AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida boshlangan C5+1 formati ham aynan shu jarayonning bir qismi edi.
2025 yil 6 noyabr kuni Mirziyoyevning Oq uyda Tramp bilan uchrashuvi va C5+1 sammitida ishtirok etishi bu yaqinlashuvning muhim bosqichiga aylandi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tijoriy hamkorlik bo‘yicha 32 milliard dollarlik kelishuvlar haqida e’lon qilindi. Ular orasida Boeing bilan 8,5 milliard dollarlik kelishuv hamda muhim minerallar, konchilik, energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalaridagi tashabbuslar bor edi. “Sizdan ugina, bizdan bugina” deganlaridek, Amerika kompaniyalari millionlab dollarlik investitsiyalar taklif etayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston ham qator qimmatbaho resurslarini AQSHga sotib, Vashingtonning bu borada Xitoyga qaramligini kamaytirmoqda.
Uchrashuvlardan so‘ng ikki tomonlama aloqalarni muvofiqlashtirish uchun yangi mexanizm yaratilgani ham bejiz emas. 2025 yil 11 noyabrda prezident farmoni bilan Amerika –O‘zbekiston Biznes va investitsiya kengashi tashkil etilgan bo‘lib, uning vazifalari savdo va investitsiya tashabbuslarini muvofiqlashtirish, tariflarni pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni ilgari surish, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya fondini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va o‘zbek kompaniyalarining AQSH bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Yana hujjatda O‘zbekiston rezidentlarining AQSH kompaniyalariga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan edi. 2026 yil 1 yanvardan amerikalik kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun avval talab qilingan alohida davlat ruxsati ham bekor qilinadi. Bu munosabatlarning faqat Amerika kapitalini O‘zbekistonga jalb etish bilan cheklanmay, o‘zbek biznesining AQSH bozoriga chiqishini ham qamrab olayotganini ko‘rsatadi. Avvallari faqat quruvchi yoki trak haydovchisi sifatida ko‘rilgan o‘zbeklar – bugun amerikaliklarning o‘zini ish o‘rni bilan ta’minlamoqda.
Tanganing boshqa tomoni – savdo munosabatlarining huquqiy asoslari – qayta ko‘rib chiqilishi ham hanuz kun tartibida qolmoqda. Avvalo, sovuq urush davridan qolgan o‘n yillik cheklov – Jekson-Venik tuzatishi hali ham o‘z kuchida qolayotgani O‘zbekiston kabi ayrim mamlakatlarning doimiy normal savdo munosabatlarini ta’minlash yo‘lida huquqiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bir vaqtlar Sovet ittifoqiga qarshi qo‘llangan savdo to‘siqlari asosan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan hamda fuqarolarining emmigratsiya qilish va boshqa inson huquqlarini cheklovchi davlatlarga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lib, SSSR parchalangach, uning tarkibidan mustaqil bo‘lib chiqqan davlatlarga, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga meros bo‘lib qoldi. Bu tizim nima uchun hanuzgacha bekor qilinmagani haqida esa Samarqandga tashrif buyurgan Rubio fikr bildirdi.
“Bilasizmi, buni Kongressdan so‘rash kerak. Biz uni bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham uni bekor qilish tarafdori bo‘lgan ko‘plab vakillarning ovozlari bor”, deydi Rubio.
Shuningdek, Tramp davrida AQSH kun tartibiga chiqqan boj siyosati va perfeksionizm ham ikki o‘rtada ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan yana bir masala deyish mumkin.
Qisqa qilib aytganda AQSH va O‘zbekiston munosabatlari Tramp davrida ajoyib trayektoriyani bosib o‘tmoqda. Bojlar va ba’zi cheklovlarga qaramay savdo hajmi ham, investitsiyalar ko‘lami ham oshmoqda yoki Rubi ta’biri bilan aytganda, ikki tomon ham boyimoqda.
Live
Barchasi