Toshkentdagi ko‘chaning bir qismida BRT yo‘lagi qurilishi sabab harakat cheklanadi
Jamiyat
−
24 iyul 3505 2 daqiqa
Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida BRT (tezkor avtobus transporti) yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan mazkur ko‘chada transport harakati 17 kunga qisman cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qurilish-ta’mirlash ishlari bugun, 24 iyul soat 01:00 dan 9 avgust soat 23:00 gacha davom etadi. Ishlar Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan yo‘l qismida olib boriladi.
Qayd etilishicha, mazkur davrda yo‘l transport vositalari harakati uchun to‘liq yopilmaydi. Qurilish ishlari yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida amalga oshiriladi. Shu sababli, har ikki yo‘nalishda yo‘lning o‘ng chekkasidagi ikkita harakatlanish tasmasi orqali transport harakati saqlab qolinadi.
Mas’ullar haydovchilardan ushbu hududda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaqtinchalik noqulayliklarni inobatga olish hamda imkoni qadar muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, BRT (bus rapid transit) – boshqa transportlardan to‘liq ozod qilingan tezkor avtobus yo‘nalishi. BRT tizimida avtobuslar uchun alohida yo‘llar (yo‘laklar) ajratiladi, shuning uchun ular tirbandliklarga tushmaydi va jadval asosida tez harakatlanadi.
Toshkent shahridagi to‘rtta ko‘chada 2026 yilda umumiy uzunligi 16,2 kilometr bo‘lgan avtobuslar uchun mana shunday BRT yo‘laklari Shahrisabz, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Yangi Sergeli ko‘chalarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shoh ko‘chasining bir qismi qurilish-ta’mirlash ishlarining navbatdagi bosqichi munosabati bilan ikki haftadan ortiq muddatga transport harakati uchun yopilgan edi.
Live
Barchasi