Toshkentda Mustaqillik shoh ko‘chasi yana 16 kunga yopiladi
Jamiyat
−
10:24 866 2 daqiqa
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shoh ko‘chasining bir qismi qurilish-ta’mirlash ishlarining navbatdagi bosqichi munosabati bilan ikki haftadan ortiq muddatga transport harakati uchun yopiladi. Bu haqda kecha, 15 iyul kuni Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
(13).png.jpg)
Avvalroq, Mustaqillik shoh ko‘chasi bo‘ylab, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha yo‘nalishidagi qatnov qismi qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli 12 kun muddatga transport vositalari harakati uchun yopilishi xabar qilingandi. Ma’lum qilinishicha, ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan.
Shuningdek, ko‘chaning ikkinchi – qarama-qarshi tomonini ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan endilikda ushbu yo‘nalishda transport harakati vaqtincha cheklanadi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 16 iyul kuni soat 01:00 dan 31 iyul kuni soat 22:00 ga qadar Mustaqillik shoh ko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Buning o‘rniga, bugun, 16 iyul kuni soat 02:00 dan boshlab qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha turdagi transport vositalari harakati uchun ochiladi.
Bildirilishicha, mazkur cheklovlar Mustaqillik shoh ko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Haydovchilarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olib, harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi Aviasozlar ko‘chasining bir qismi issiq suv quvurlari ta’mirlanishi va almashtirilishi sabab 20 kunga yopilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi