Tashqi kuchlar Eronni ichkaridan qulatmoqchi – Eron vitse-prezidenti
Olam
−
15:06 1431 2 daqiqa
Eronga qarshi “tashqaridan bosim o‘tkazish va ichkaridan qulatish” strategiyasi olib borilmoqda. Bu haqda kecha, 13 fevral kuni mamlakat vitse-prezidenti hamda Atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Eslami Mashhad shahrida universitet talabalari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, dushmanlar siyosiy, iqtisodiy va axborot vositalari orqali Islom Respublikasiga nisbatan bosimni kuchaytirishga urinmoqda, biroq o‘lka o‘z taraqqiyot yo‘lidan chekinmayapti.
Eslami Eronning ilmiy bilim va texnologik salohiyatga ega bo‘lishi unga nisbatan adovat kuchayishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Islom inqilobining eng muhim xususiyati mustaqillik va hech kimga taslim bo‘lmaslik tamoyilidir. Bu yo‘nalish marhum Ruhulloh Xumayniy tomonidan belgilab berilgan bo‘lib, hozirda Oliy rahbar Ali Xomanaiy davom ettirmoqda.
Rasmiy Eronning strategik-geosiyosiy joylashuvi, boy neft-gaz zaxiralari, foydali qazilmalari va malakali inson resurslari sababli yirik davlatlar e’tibor markazida bo‘lib kelayotganini qayd etgan. 1979 yilgi inqilobdan so‘ng xorijiy kuchlar mamlakatni tark etgan bo‘lsada, ular iqtisodiy va siyosiy ta’sirni qayta tiklashga urinmoqda.
“Eron yadro quroli yaratish niyatida emas. 2015 yilda imzolangan Qo‘shma harakatlar keng qamrovli rejasi doirasida Eron o‘z majburiyatlarini bajardi. Biroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp davrida bitimdan chiqildi va iqtisodiy sanksiyalar kuchaytirildi”, degan mulozim.
Eslami sanksiyalarni mamlakatga bosim o‘tkazishning asosiy vositasi sifatida baholab, shunga qaramay, Eron harbiy sanoat, atom energetikasi va kosmik tadqiqotlar sohasida sezilarli yutuqlarga erishganini e’tirof etgan. Shuningdek, u yadro quroli haqidagi ayblovlar jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgani va bunday qurollar diniy jihatdan taqiqlanganini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Donald Tramp Eronga zarba berish haqida buyruq chiqargan taqdirda, bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.
Musulmon Sodiq