Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov OAV uchun bayonot berdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘izistonga bu galgi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston – Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligida yangi sahifani ochganini ta’kidlagan. 

Ushbu sammitga birgalikda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgani qayd etilgan. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Ayni paytda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida turli tadbirlar o‘tmoqda.

Fursatdan foydalanib, Prezident qardosh Qirg‘izistonni 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabriklagan. Bu mamlakat va butun Markaziy Osiyoning nufuzi yuksalayotganining e’tirofi ekanligi bildirilgan

Bugungi muzokaralar har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qilgan. Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarni o‘z ichiga olgan axborotlarini tinglagan.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning eng muhim natijasi bo‘lgani qayd etilgan.

Bildirilishicha, ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.

“Endi bizning asosiy vazifamiz – hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Ikki davlat Prezidentlari raisligida Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashning asosiy mexanizmi bo‘ladi.

Shu bilan birga, tomonlar bundan buyon ham siyosiy muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va pozitsiyalarni yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqlagan.

Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan. Jadal o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, ushbu ko‘rsatkichni kelgusi yilning o‘zida 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Yetakchilar sanoat kooperatsiyasining yangi o‘sish nuqtalarini, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi sohalarda yaratishga alohida to‘xtalgan.

Bu borada kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida yangi loyihalar kelishilgan. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Taraqqiyot fondi salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Ikki mamlakatning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligi va tranzit salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish ishlari jadal davom etayotgani qayd etilgan.

Mazkur temir yo‘li bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport jarayonlariga raqamli yechimlarni faol joriy etish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olingan.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlangan. Qambarota GES-1 ni qurish to‘g‘risidagi bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi.

Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan faol foydalanish zarurligi ta’kidlangan. Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.

Madaniyat, ta’lim, ilm-fan, yoshlar siyosati va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlangan.

Yetakchilar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham atroflicha muhokama qilgan.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda erishilgan kelishuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari ham o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotni O‘zbekiston rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing