“Siti”da tengsiz bo‘lgan Husanov. Shov-shuv ko‘targan “Paxtakor”
Tahlil
−
09 mart
5825“Open budjet”da g‘alaba qozongan xalq bilan o‘ynashib bo‘lmaydi, hatto futbolda ham. O‘tgan hafta Eldor Shomurodov “Roma”da fevral oyining eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bu safar Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Assalomu alaykum. Xorijda to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar uchun tom ma’noda omadli o‘tgan hafta sportiga oid eng muhim voqealar bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
Shomurodov “Roma”ning g‘alaba golini kiritdi
“Atletik”ga qarshi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eldor Shomurodov so‘nggi daqiqalarda gol urib, “Roma”ga g‘alaba taqdim etdi.
7 martga o‘tar kechasi Yevropa ligasi 1/8 final bosqich ilk o‘yinlari doirasida “Roma” o‘z uyida “Atletik”ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu bahsni rimliklar safida o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov ikkinchi taymda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Dastlab, mehmonlar hujumchisi Uilyams 50-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Anxelino 56-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Eldor Shomurodov gol urib, “Roma”ga g‘alaba taqdim etdi.
O‘yinda Shomurodovning xatti-harakatlari 7,3 ballga loyiq ko‘rildi. Bu haqda “SofaScore” xabar berdi.
Garchi Shomurodov 71-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa ham, uchrashuvning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Qizig‘i u maydonga tushiboq, sariq kartochka bilan ogohlantirildi, biroq shunday bo‘lsa ham 29 yoshli hujumchining goli rimliklarga qimmatli g‘alabani keltirdi.
20 daqiqa atrofida maydonga bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi 12 marta to‘pga tegindi. U 8 marta sheriklariga uzatma amalga oshirdi va paslardan 7 tasi aniq manziliga yetib bordi. Shomurodov to‘p uchun 3 marta kurash olib borib, bittasida g‘alaba qozondi. Raqib darvozasiga yo‘llagan 1 ta aniq zarbasi esa gol bilan yakunlandi.
“Roma”-“Atletik” bahsining eng yaxshi futbolchisi sifatida mehmonlar a’zosi Inyaki Uilyams e’tirof etildi va uning o‘yini 7,8 ballga baholandi. “Roma” safida esa eng yuqori ballni Shomurodovning goliga assistentlik qilgan Salimakers qo‘lga kiritdi. Belgiyalik futbolchining o‘yini ham xuddi Uilyams kabi 7,8 ballga loyiq ko‘rildi.
O‘zbekiston terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov “Atletik”ga qarshi o‘yindagi g‘alabadan xursand bo‘lishga erta ekanini va javob o‘yiniga e’tibor qaratilishi kerakligini aytdi. Bu haqda u “Roma” - “Atletik” o‘yinidan keyingi tezkor intervyuda so‘z ochdi.
“Eng muhimi, biz g‘alaba qozondik. Bugun gol urganimdan xursandman. Lekin hali xursand bo‘lishga erta, sababi oldinda javob o‘yini bor. Biz bir oila bo‘lib harakat qilamiz. Har bir futbolchi o‘zini klubning muhim a’zosi sifatida his qilishi kerak. Ishonch bo‘lsa, natija ham yomon bo‘lmaydi”, deydi Shomurodov.
Shuningdek, hujumchi javob o‘yiniga tayyorgarlik haqida ham gapirdi.
“Biz ertadan boshlab keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Yakshanba kuni “Empoli”ga qarshi bahs bor, keyin esa Ispaniyada javob o‘yini. “Atletik”ga qarshi mehmonda harakat qilish oson bo‘lmaydi. Biz esa g‘alaba uchun maydonga tushamiz”, deydi hujumchi.
Ma’lumot uchun, “Roma” va “Atletik” o‘rtasidagi javob o‘yini 14 martga o‘tar kechasi Ispaniyada, “San-Mames” stadionida o‘tkaziladi.
Rasman. Husanov “Manchester Siti”da oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
“Manchester Siti” klubining o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov klubda fevral oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 21 yoshli himoyachi fevral oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U bu borada Yoshko Gvardiol va Erling Xoland kabi futbolchilardan ustun keldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun davom etgan so‘rovnomada Abduqodir Husanov 64 mingdan ziyod ovoz to‘plagan.
Ravshan Haydarovga muhim vazifa ishonib topshirildi
O‘zbekistonlik taniqli murabbiy Ravshan Haydarov O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘FA murabbiylar kengashi yig‘ilishida U-23 terma jamoasi boshqaruviga nomzod murabbiylar muhokama qilingan va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha O‘zbekistonning eng tajribali mutaxassislaridan biri, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni egasi Ravshan Haydarov nomzodi ilgari surilib, rahbariyat tomonidan tasdiqlangan.
Qayd etish joiz, 63 yoshli Haydarov boshqaruvidagi turli yoshdagi terma jamoalar ikki karra Osiyo chempioni bo‘lgan, ikki bor Jahon chempionati ishtirokchisiga aylangan.
“Paxtakor” yulduzli “Al-Hilol”ni taslim etdi
4 mart kuni Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri 1/8 final bosqichi ilk o‘yinida Saudiyaning “Al-Hilol”ini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvning 29-daqiqasida “Paxtakor” safida yagona golga jamoaning legioner futbolchisi Flamarion mualliflik qildi. Ushbu golga esa Brayan Riaskos assist amalga oshirdi. Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi va “Paxtakor” ilk o‘yinda g‘alaba qayd etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu jamoalar o‘rtasidagi javob o‘yini 11 mart kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
“Paxtakor”ning shov-shuvli g‘alabasidan keyin OFK o‘z sahifasiga Toshkent haqida video joyladi
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida Toshkentda o‘tkazilgan “Paxtakor” va “Al-Hilol” jamoalari o‘rtasidagi qiziqarli uchrashuvdan keyin Osiyo futbol konfederatsiyasining musobaqalarni yoritib boruvchi rasmiy YouTube sahifasi Toshkent haqidagi videoni e’lon qildi.
Videoda Toshkent tarixidan so‘z ochuvchi majmualar, masjid, bozor va boshqa inshootlarni hamda shahar hayoti va albatta “Paxtakor” klubining o‘yinlaridan tasvirlarni ko‘rish mumkin.
“Toshkent – an’analar va ambitsiyalarga ega shahar! Shaharda chuqur futbol madaniyatidan tortib dinamik haqiqiy shahar hayotini boshdan kechirish mumkin. Toshkentni chinakam noyob manzilga aylantiradigan energiya, tarix va ishtiyoq mavjud”, deyiladi video ostida.
Ma’lumot uchun, 4 mart kuni JAR stadioni mezbonlik qilgan “Paxtakor” va “Al-Hilol” o‘rtasidagi bahsda “sherlar” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Tomonlar o‘rtasidagi javob o‘yini 12 martga o‘tar kechasi Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


