“Saboq oldim”. Erkinjon Turdimov sirdaryoliklar bilan xayrlashdi
Jamiyat
−
14:39 3362 2 daqiqa
Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi Erkinjon Turdimov yangi vazifaga o‘tishi munosabati bilan sirdaryoliklar bilan xayrlashdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
.jpg)
“Hurmatli Prezidentimizning yuksak ishonchlari bilan boshqa vazifada faoliyatimni davom ettirish oldidan sizlarga chuqur hurmat-ehtiromim va samimiy minnatdorligimni izhor etaman!” degan Erkinjon Turdimov o‘zining xayrlashuv xatida.
Uning qayd etishicha, boshqa viloyatda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da, mehnat faoliyatini Sirdaryoda boshlagan. Katta hayot sari ilk qadamlarini bag‘rikeng va mehnatkash sirdaryoliklar bilan birga tashlagan. Bu yerda ko‘plab insonlardan saboq olgan, ularning tajribasi va maslahatlari xalq ishonchiga munosib bo‘lib ishlashida asqatgan.
Erkinjon Turdimov keyingi salkam ikki yil davomida yana sirdaryoliklar bilan birga ishlash nasib etganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Prezidentning alohida e’tibori tufayli Sirdaryoning qiyofasi yangilanib, sanoat rivojlanmoqda, odamlarning turmushi o‘zgarib, ertangi kunga ishonchi oshmoqda.
U sirdaryoliklar bilan yonma-yon ishlab, ularning mehnatkashligi, fidoyiligi va vatanparvarligiga, birgalikda katta maqsadlarga erishish mumkinligiga yana bir bor amin bo‘lganini bildirgan.
“Men o‘zimni Sirdaryoning ham farzandi deb bilaman. Bu elga doimo ta’zim qilib, cheksiz hurmatim va minnatdorligimni bildiraman! Qayerda, qaysi vazifada ishlasam ham, bu zaminni yanada obod qilish, sirdaryoliklarning turmush farovonligini yuksaltirishga hissa qo‘shishni o‘z burchim deb hisoblayman!” deb yozgan Turdimov.
Ma’lumot uchun, Erkinjon Turdimov 1969 yil 10 iyulda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U 2008 yilda bir muddat O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yildan 2024 yilgacha Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan. Erkinjon Turdimov 2006 yilda “Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2024 yil 24 avgustda “Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan.
U 2025 yilning yanvarida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi, 2025 yilning dekabrida esa Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 oktyabr kuni Erkinjon Turdimov Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Live
Barchasi