Rossiyada vahima: 27 yoshli ayol vabodan o‘lgani aytilmoqda 

Olam

−

image

Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi Shelexov shifoxonasida 27 yoshli bemor ayol vafot etdi. Uning o‘limidan so‘ng shifoxona karantinga yopildi, ayol bilan aloqada bo‘lgan kishilar esa izolyatsiya qilinib, tibbiy kuzatuv ostiga olindi. O‘lim sababi hozircha mutaxassislar tomonidan turi aniqlanayotgan infeksiya bilan bog‘lanmoqda. Ushbu fonda ijtimoiy tarmoqlarda vabo kasalligini yuqtirish ehtimoli haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bemor joriy yilning 29 sentyabr kuni shifoxonaga yotqizilgan. Dastlab shifokorlar COVID-19 ning og‘ir kechishini gumon qilgan, biroq keyinroq vabo yuqtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot paydo bo‘lgan. Buning ortidan Telegram-kanallar, xususan, SHOT, “Baza” va “Mash” marhuma vaboga qarshi institutda ishlaganini hamda Buryatiyadagi xizmat safarida yoki laboratoriyada probirkani sindirib qo‘yib, kasallikni yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini yozgan.

Irkutsk Epidemiologiya va mikrobiologiya instituti ushbu ma’lumotni rad etgan: matbuot xizmati ayol ularda hech qachon ishlamaganini, institutning o‘zi esa vabo qo‘zg‘atuvchisini tadqiq qilish bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qilgan. Boshqa sohaviy muassasalar va Rospotrebnadzor tomonidan marhumaning ish joyi haqida hozircha hech qanday bayonot berilgani yo‘q.

Mutaxassislar vafot etgan bemor bilan aloqada bo‘lgan jami 197 kishini aniqlagan. Ulardan 189 nafari profilaktik kuzatuv uchun shifoxonaga yotqizilgan, yana sakkiz kishi hozircha karantindan tashqarida qolmoqda. Shu bilan birga, hokimiyat organlari aniqlangan muloqotda bo‘lgan shaxslarda kasallik belgilari yo‘qligini va laboratoriya tadqiqotlari natijalari manfiy chiqqanini xabar qilmoqda.

Shelexov shifoxonasida bir qator bo‘limlarning bemorlarni qabul qilishi va chiqarishi, shuningdek, laboratoriya ishi vaqtincha to‘xtatilgan. Rossiyada insonning vabo bilan kasallanishi bo‘yicha oxirgi holat 2016 yilda Oltoyda qayd etilgan. Agar hozirgi gumon o‘z tasdig‘ini topsa, Irkutsk viloyati uchun bu oxirgi o‘n yil ichidagi birinchi shunday holat bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, vabo (cholera) – ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri. Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va El-Tor vibrioni deb ataladigan ikki turga ajratiladi. Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum-tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15-30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi. Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan peshobi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida mazkur kasallik yuqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vabo tarqalishining global xavfini juda yuqori deb hisoblayotgani va butun dunyo mamlakatlarida o‘lim darajasini kamaytirish hamda kasallik tarqalishini jilovlash uchun shoshilinch choralar ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing