Rossiya Kiyev va Odessaga zarbalar berdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Rossiya kuchlari bugun, 24 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina hududlariga hujum qildi. Kiyevda zarba oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, kamida 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Kiyevdagi hujum oqibatida Solomenskiy tumanida ombor binolari qisman vayron bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan. Alanga yerto‘la xonalariga ham tarqalgan. Yong‘in o‘chirilgan, 3 nafar shaxs jabrlanuvchi sifatida shifoxonaga yotqizilgan.

Podolskiy tumanida tug‘ruqxona yaqiniga zarba berilishi oqibatida avtomobillar turargohida 4 ta mashina yonib ketgan. 1 nafar halok bo‘lgan kishining jasadi topilgan. Boshqa manzilda bir qavatli noturar bino ham yonib ketgan.

Dneprovskiy tumanida uch qavatli ma’muriy bino shikastlangan. U yerda 1 nafar jabrlanuvchi aniqlangan. Boshqa manzilda xususiy uy vayron bo‘lgan, bir kishi qutqarilgan. Qo‘shni ikkita uy ham zarar ko‘rgan.

Odessada esa Rossiya hujumi oqibatida tibbiyot muassasasining tomi va yuqori qavatining bir qismi shikastlangan. Shuningdek, yaqin atrofdagi 10 ta turar joy binosi va maktabning derazalari singan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Odessadagi hujum oqibatida hech kim jabrlanmagan. Kommunal xizmat xodimlari tun davomida voqea joyida ishlagan, ko‘cha tozalangan va turar joylardagi singan derazalar yopilgan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaning 3 ta viloyatini bombalagani haqida xabar berilgan edi. Hujumlar Kiyev, Zaporoje shahri hamda Xarkov viloyatining ayrim hududlariga qaratilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing