Rossiya biznesi O‘zbekistonning barcha hududiga kirib borgan – Mishustin
Olam
−
17 iyun 2403 2 daqiqa
Rossiya biznesi O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida faoliyat yuritmoqda, umumiy sa’y-harakatlar natijasida ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘paymoqda. Bu haqda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustin bugun, 17 iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Rossiya biznesi respublikaning deyarli barcha hududlarida mavjud. Biz umumiy sa’y-harakatlar samarasini ko‘rmoqdamiz – ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘paymoqda. Rossiya hukumati ham O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda”, deydi Mishustin.
U muhim tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya platformasi ishga tushirilganini qayd etgan.
“Alkogolsiz ichimliklar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ishlab turgan zavodning ishlab chiqarish va logistika quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha pilot loyihaga moliyaviy yordam berildi. Platforma orqali uni amalga oshirish uchun mablag‘larning to‘rtdan uch qismi jalb qilindi”, deydi u.
Uning alohida urg‘ulashicha, Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi investorlardan biriga aylandi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 4 trillion rubldan oshgan.
“Bu yerda 3 mingdan ortiq mahalliy korxona faoliyat yuritib, 150 ga yaqin yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Ularning umumiy qiymati 4 trillion rubldan oshadi”, deydi Bosh vazir.
Unga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, buning uchun zarur infratuzilma shakllantirilmoqda.
“Biz birgalikda buning uchun zarur infratuzilmani yaratmoqdamiz. Jumladan, qo‘shma texnoparklar tashkil etish. Ular allaqachon Toshkent va Jizzax viloyatlarida faoliyat yuritmoqda. Aprel oyida Navoiy shahrida sanoat parki ochildi”, deydi Mishustin.
Bundan tashqari, u O‘zbekistonda vagonsozlik klasteri, shuningdek, tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish uchun yig‘ish sexlari qurilishi davom etayotganini bildirdi.