Ravshan Ermatov: “Klublarning xususiy bo‘lishi futbolni faqat rivojlantiradi”
Sport
−
12 noyabr 2019
4092Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident tomonidan imzolangan "2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish Dasturi" ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Iqtidorli futbolchilarni tanlab olish (seleksiya) maqsadida umum ta’lim maktablari o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida futbol musobaqalarini tizimli tashkil etish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, futbol bo‘yicha seleksionerlarni moddiy rag‘batlantirish va mukofotlash mexanizmini ham ishlab chiqish va joriy etish ko‘zda tutilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, malakali trener kadrlarni tayyorlash maqsadida futbol bo‘yicha trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan shaxslar uchun joylarda trenerlik kurslari o‘tkaziladi.
O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov respublikamizning qancha qismi futbol bilan shug‘ullanayotganini aytib o‘tdi:
"Nega Angliyada futbol rivojlangan, deb so‘raymiz. Quyidagi statistikaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Britaniyada 11 million odam futbol bilan muntazam shug‘ullanadi. Bu aholining 21 foizi degani. Rossiyada 6 million (aholining 4 foizi), Germaniyada 16 million (aholining 20 foizi) odam futbol bilan shug‘ullanadi. Taqqoslash uchun, bizda bu ko‘rsatkich 0,14 foizni tashkil qiladi".
Jurnalistlar bilan muloqot paytida O‘zbekistonda klublarni xususiylashtirish borasida qanday ishlar olib borilayotgani haqida savol berildi.
"Dunyo futbolida ko‘plab katta jamoalar xususiy hisoblanadi. Klublarning o‘z egasi bor va ular o‘sha klublarga foyda olish uchun investitsiya tikadi. Albatta, klublarning xususiy bo‘lishi futbolni faqat rivojlantiradi. Bizda hozir faqat ikkita xususiy klub bor: "Paxtakor" va "Qo‘qon-1912". Umid qilamanki, bunday jamoalar soni oshadi", dedi Ravshan Ermatov
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15