Prezident Sergelidagi mahallalarni yoritish muammosini hal qilishga 10 kun muhlat berdi
Jamiyat
−
04 iyul 2281 2 daqiqa
Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada yoritish muammosi 10 kunda hal qilinishi kerak. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mutasaddilarga topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon bor, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Lekin bu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini to‘liq his qilgani yo‘q. Mazkur mahallalarda yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan.
Ammo tizim hali ishga tushmagani tanqid qilingan. Mutasaddilarga o‘n kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirilgan. Shuningdek, yil yakunigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yilgan.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlarning soni oshgani sababli elektr energiyasiga yillik talab besh yilda 40 foizga ko‘paygan. Ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi me’yordan 1,5-2 barobar pastligi qayd etilgan.
“Shaharoldi”, “O‘zgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu ob’ektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholiga kafolatli elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yilgan.
Umuman, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga o‘tgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘l bo‘yicha birorta hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi kanalizatsiya bilan bog‘liq badbo‘y hid muammosini joriy yil 1 sentyabrgacha hal etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi