Pentagon Afg‘oniston osmonida kuzatilgan NUJ ma’lumotlarini ochiqladi
Olam
−
10:42 7779 2 daqiqa
Pentagon Afg‘oniston osmonida kuzatilgan noma’lum uchar jismlar haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi. Bu haqda idora rasmiy saytida ommaga taqdim qilingan noma’lum uchar jismlar haqidagi arxiv ma’lumotlarining beshinchi to‘plamida qayd etildi.
Unda 41 ta fayl, jumladan, 16 ta videotasvir o‘rin olgan. Rassamiy ma’lumotlarga ko‘ra, maxfiylikdan chiqarilgan materiallar 1950 yildan 2026 yilgacha bo‘lgan davrda Pentagon, FBR, Markaziy razvedka boshqarmasi, AQSH Davlat departamenti va Prezident ma’muriyati tomonidan to‘plangan.

E’lon qilingan materiallar orasida Yaqin Sharqda tasvirga olingan bir nechta videolavhalar ham bor. Ulardan 2025 yilga oid videolardan birida aholi yashaydigan hudud ustida uchib o‘tayotgan sharsimon ob’ekt aks etgan.

Shuningdek, 6 ta videolavha 2021 yil sentyabr oyida Ummon ko‘rfazi ustida AQSH maxsus kuchlari mashg‘ulotlari vaqtida sodir bo‘lgan bir voqeaning turli tasvirlarini namoyish etadi.

Pentagon, shuningdek, 2002 yilda Afg‘oniston osmonida harbiy uchuvchi tomonidan kuzatilgan ulkan uchburchaksimon ob’ekt haqidagi guvohlikni ham maxfiylikdan chiqargan.
Hujjatda harbiy uchuvchining ushbu ob’ekt haqidagi kuzatuvlari bayon etilgan. Unda aytilishicha, voqea taxminan mahalliy vaqt bilan soat 04:30 da sodir bo‘lgan va Bagrom ustidan uchib o‘tayotgan yulduzlar bir zumda xiralasha boshlagan. Uchuvchi osmonda g‘arbdan sharqqa tomon harakatlangan, teng tomonli uchburchak shaklidagi ulkan ob’ektni ko‘rganini bildirgan.
“Ob’ekt ovozsiz harakatlangan, doimiy tezlik va balandlikni saqlagan, ko‘rinadigan chiroqlari bo‘lmagan. Uning tezligi taxminan 150 uzel bo‘lishi mumkin edi”, deyiladi maxfiylikdan chiqarilgan ma’lumotlarda.
To‘plamdan 2026 yilda AQSHning g‘arbiy hududlarida kuzatilgan “ko‘plab qizil chiroqlar” haqidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Pentagon mazkur hodisa bo‘yicha voqeaning badiiy talqinini ham e’lon qilgan.
Pentagonning ma’lum qilishicha, NUJlar va noma’lum havo hodisalariga oid arxiv materiallarini ommaga taqdim etish amaliyoti kelgusida ham muntazam davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Urush vazirligi o‘z rasmiy sahifasida 1994 yil 27 yanvar kuni Qozog‘iston osmonida noma’lum uchuvchi jism kuzatilgani haqidagi ma’lumotni e’lon qilgandi.
Live
Barchasi