“Paxtakor”ni Chempionlar ligasida boshqa murabbiy boshqaradi
Sport
−
10 avgust 3215 2 daqiqa
Toshkentning “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyevning yordamchisi Emilian Karas OFK Elita Chempionlar ligasida jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Moldovalik mutaxassisning bunday vazifaga tayinlanishi uning OFK talablariga mos Pro litsenziyasiga ega ekani bilan bog‘liq. Shu sababli Karas “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi rasmiy uchrashuvlarida bosh murabbiy sifatida qayd etiladi.
Shu bilan birga, bu Kamoliddin Tojiyev “Paxtakor” bosh murabbiyi lavozimidan iste’foga chiqqanini anglatmaydi. Tojiyev jamoaning O‘zbekiston chempionatidagi asosiy bosh murabbiyi bo‘lib qoladi.
Emilian Karas 2026 yil yanvar oyidan “Paxtakor” murabbiylar shtabida Kamoliddin Tojiyevga yordam berib kelmoqda. U bunga qadar Mircha Lucheskuning “Dinamo” Kiyevdagi shtabidan joy olgan, shuningdek, “Alaniya”, “Kuban”, “Dinamo” Moskva, “Al-Arabi” va “Al-Nasr” klublarida yordamchi murabbiy sifatida ishlagan.
Shunday qilib, “Paxtakor”da ikki xil musobaqa uchun murabbiylar vazifasi ajratilgan: Kamoliddin Tojiyev – ichki chempionatda, Emilian Karas esa OFK Elita Chempionlar ligasida jamoani boshqaradi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” ertaga, 11 avgust kuni Toshkenda OFK Elit Chempionlar ligasi o‘tish o‘yinida “Al Hussayn” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv “Paxtakor” stadionida 20:00 da bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi