Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotildimi?
Jamiyat
−
22 fevral
20954Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidagi 31 ta kon xitoyliklarga sotilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “Yer qa’ridan foydalanish markazi” DM ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun 31 ta yer qa’ri uchastkalari “E-auksion” savdo platformasi orqali 25,1 milliard so‘mga sotilgan. Elektron savdolarda O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik maqomga ega 12 ta MCHJ g‘olib deb topilgan. Ularning ayrimlari to‘liq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, ayrim MCHJ ta’sischilarining o‘rtacha 70 foizi O‘zbekiston fuqarolari, faqat xorijiy davlat, jumladan Xitoy fuqarolariga to‘liq tegishli bo‘lgan birorta ham MCHJ bunda g‘olib chiqmagan.
Tashkilot bunga isbot sifatida g‘olib deb topilgan tadbirkorlik sub’ektlaridan “Xinlong Mining Drilling” MCHJ asosiy ta’sischisi (70 foiz) hamda “Zhonghuitong Mining” MCHJ asosiy ta’sischisi (97,6 foiz) O‘zbekiston fuqarolari hisoblanishini misol qilib keltirgan.
“Yer qa’ridan foydalanish markazi”ga ko‘ra, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida olib boriladigan faoliyat bo‘lib, bu uchastkalarni sanoat miqyosida qazib olish ishlarini amalga oshirish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Shu bois bunday yer uchastkalari tadbirkorlarga shaffoflikni ta’minlagan holda daromad olish uchun sotiladi. Sotilgan yer qa’ri uchastkalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy yoki xorijiy investorlar sohaga yangi texnologiyalar, uskunalar kiritadi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilingan qimmatbaho metallar sotuvining 49,5 foizi yer qa’ri uchastkasi joylashgan mahalliy byudjetga yo‘naltiriladi hamda hududlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.
Markaz konlarning xitoyliklarga sotilganini nazarda tutuvchi ma’lumotlarni rad etgan.
Ma’lumot uchun, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga muvofiq, faqat O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslarga yoki O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar 3 yil muddatga berilib, yerga egalik huquqini bermaydi. Tadbirkorlarga faqatgina yer qa’ridan foydali qazilmani olish huquqi berilib, ruxsatnoma egasi oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlari jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyatini oladi.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

