Navoiyda YPX inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi ushlandi
3-sahifa
−
21 iyun 3217 2 daqiqa
Navoiy viloyatida jarima maydoniga joylashtirilgan yuk mashinasini chiqarib olish maqsadida YPX inspektoriga pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25 may kuni Karmana tumanidagi “Samarqand” muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanida harakatlanib kelayotgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 1990 yilda tug‘ilgan samarqandlik haydovchi transport vositasini ruxsatnomada ko‘rsatilgan yo‘nalishdan chetga chiqib boshqargani aniqlangan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-1-moddasi (yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish) 4-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa vaqtincha saqlash maydoniga joylashtirilgan.
Shundan so‘ng fuqaro Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’muriy amaliyot markaziga murojaat qilgan. U o‘ziga nisbatan tuzilgan bayonnomani hal qilib berish hamda yuk mashinasini jarima maydonidan chiqarish evaziga mas’ul inspektorga ming dollar miqdorida pora taklif qilgan.
Xodimning bildirgisi asosida tezkor tadbir tashkil etilgan. Tadbir davomida fuqaro ma’muriy amaliyot markazi binosida pulning bir qismi sifatida 7 million 100 ming so‘mni inspektorga pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida Yo‘l harakati patrul inspektoriga 10 million so‘m pora taklif qilgan Hindiston fuqarosi ushlangandi.
Live
Barchasi