Navoiyda 17 bolani Damas’da tashigan haydovchi ushlandi (video)
3-sahifa
−
25 iyul 3205 2 daqiqa
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Damas rusumli avtomobilda 17 nafar bola va bir nafar bog‘cha xodimasini olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea joriy yilning 21 iyul kuni Qiziltepa tumanidagi “Vangozi” mahallasida sodir bo‘lgan. Hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari old o‘rindig‘ida 3 nafar bola bo‘lgan Damas avtomobilini to‘xtatgan.
Tekshiruv davomida avtomobil ichida jami 17 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi va bir nafar xodima bo‘lgani aniqlangan. Xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi baland ovozda janjal ko‘targan va voqea joyidan ketishga uringan. Biroq bolalar xavfsiz tarzda transport vositasidan tushirilgan.
Haydovchiga Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan belgilangan tartibda chora ko‘rilgan. Haydovchi keyinchalik qilgan xatosini tan olib, bolalarni me’yordan ortiq tashigani va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20,6 million so‘mgacha) jarima, 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Damas saloniga 24 va 28 nafar bolani mindirib harakatlanayotgan ikki haydovchi aniqlangan edi.
Live
Barchasi