Navoiyda 1 gektar yerni 2 mlrd so‘mga sotayotgan shaxs qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Navoiy viloyatining Karmana tumanida hokimlik zaxirasida bo‘lgan 1 gektar bo‘sh yer maydonini pullayotgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi xususiy tadbirkor o‘zganing ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 1 gektar bo‘sh yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytib, unga sotish va mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 2 mlrd so‘m talab qiladi. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 1 mlrd so‘mni Navoiy shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Andijon viloyatida kuzatilgan holatda esa Xo‘jaobod tumanida yashovchi, 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan aka-uka davlat zaxirasida bo‘lgan 2 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming dollar talab qiladi. Lekin Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri so‘ralgan pul mablag‘idan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan. 

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini xaridorga 55 ming dollarga sotishga kelishib, shundan 45 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Boshqa holatda esa Quva tumanidagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MCHJning 10 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turarjoy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtda yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 16 sotix yer maydonining har bir sotixini 22 ming dollardan jami 352 ming dollarga xaridorga sotishga kelishib hamda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan – Toshkent tumanida yashovchi, 1952 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ham ushbu 30 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida davlat zaxirasidagi 2,5 gektar yer maydonini 650 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy Davlat xavfsizlik xizmati Karmana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing