Namanganda oshxona egasidan pul talab qilgan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Namangan viloyatining Norin tumanida oshxona faoliyatiga aralashib, tadbirkordan pul talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan, avval sudlangan shaxs Norin tumanidagi “Rohat” nomli oshxona faoliyatiga muntazam ravishda aralashib kelgan. U turli idoralarga shikoyat qilish hamda oshxona omborxonasida olingan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u qurilish ishlari uchun g‘isht sotib olish bahonasida oshxona egasidan 1,8 million so‘m talab qilgan. Shundan 1 million so‘mi plastik karta orqali o‘tkazib berilgan.

Shundan so‘ng ham tovlamachilik harakatlarini davom ettirib, berilgan arizani qaytarib olish, oshxona faoliyatiga boshqa aralashmaslik va videolarni o‘chirib tashlash evaziga 300 AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida u “Rohat” oshxonasi oldida kimyoviy ishlov berilgan 300 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahrida fuqarodan sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, pul talab qilgan ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing