Messi faoliyatidagi 49-sovrinni qo‘lga kiritdi
Sport
−
09:51 1252 2 daqiqa
Bugun, 17 sentyabr kuni AQSHning “Inter Mayami” klubi Meksikaning “Krus Asul” jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, MLS va Meksika chempionati g‘oliblari o‘rtasida o‘tkaziladigan Chempionlar kubogi sohibi bo‘ldi.
Uchrashuvdagi gollarga Lionel Messi (24-daqiqa) va Kazemiro (81) mualliflik qildi. 39 yoshli Messi “Inter Mayami” safidagi 115-uchrashuvida o‘zining 100-golini urdi. Argentinalik futbolchining professional faoliyatidagi gollari soni 929 taga yetdi.
Shu tariqa, Messi “Inter Mayami” bilan beshinchi sovrinini qo‘lga kiritdi. U bunga qadar klub bilan 2023 yilda Shimoliy Amerika Liga kubogi, 2024 yilda MLS muntazam mavsumi, 2025 yilda Sharqiy konferensiya pley-off bosqichi va MLS chempionatida g‘olib chiqqan.
Messi faoliyati davomida eng ko‘p sovrinni “Barselona” bilan qo‘lga kiritgan – 35 ta. Ispaniya klubi bilan u 10 marta La Liga, 8 marta Ispaniya Superkubogi, 7 marta Ispaniya Kubogi, 4 marta Chempionlar ligasi, 3 marta UEFA Superkubogi va bir marta FIFA klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Argentinalik futbolchi milliy terma jamoa bilan ham oltita sovrinni qo‘lga kiritgan. Ular orasida 2022 yilgi Jahon chempionati, 2021 va 2024 yilgi Kopa Amerika, 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlari, 2022 yilgi Finalissima hamda 2005 yilgi FIFA U-20 Jahon chempionati bor.
Messi Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi bilan uchta sovrinni qo‘lga kiritgan. U ikki marta Fransiya chempionati (2022 va 2023) va bir marta Fransiya Superkubogi (2022) g‘olibi bo‘lgan.
Shu tariqa, Messi futbolchilar orasida eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan futbolchi sifatida qayd etilmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda uning “Barselona”dagi sobiq jamoadoshi Dani Alves 43 ta sovrin bilan bormoqda.
Live
Barchasi“Boysun do‘ppisi” patentlandi
16 sentabr
Ronald Kumanning ayoli 65 yoshida vafot etdi
16 sentabr