Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistondagi golf klubining ochilish marosimida qatnashdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 30 iyul kuni Cho‘lponota shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari bilan birgalikda Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yetakchilar u yerda barpo etilgan zamonaviy sport va turizm infratuzilmasi bilan tanishgan. Yangi majmua golfni ommalashtirish, sport turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Davlat rahbarlari qardosh Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va xalqini yangi ob’ektning ochilishi bilan tabriklab, mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari ham o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotni O‘zbekiston rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing