“Ishimizga aralashmang!” Aliyev Turkiya va Erdo‘g‘anga “namyok” qildimi?

Olam

−

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tashqi siyosat haqida keskin bayonot berib, mamlakat harbiy g‘alabalarga o‘z kuchi bilan erishganini aytdi. Shuningdek, u Turkiyadan olingan “Bayraktar” dronlariga shama qilib, chetdan qurol-yarog‘ni pul evaziga sotib olinganini qayd etdi va tashqi homiylik haqidagi iddaolarni rad etdi. Bu haqda u kecha, 2 oktyabr kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan “Yangi Ozarbayjon” partiyasining VIII s’ezdida so‘z ochdi. Shuningdek, ushbu bayonot BMTda Binyamin Netanyaxuning nutqi paytida Ozarbayjon vakili zalda qolgani munosabati bilan Turkiya mediasida yangragan tanqidlar fonida yangradi.

“Biz tashqi siyosatni shunday quryapmiz va bundan buyon ham shunday qurishimiz kerakki, hech kim ishlarimizga aralashmasin. Bizga hech kimning yordami ham, hech kimning homiyligi ham kerak emas. Yordamga muhtoj bo‘lganimizda, bizga hech kim yordam bermagan. Millionlab qochqinlarimiz bo‘lganida hech kim bizga yordam qo‘lini uzatmagan. Olgan hamma narsamizni pul evaziga sotib olganmiz. Jumladan, barcha qurol-yarog‘larni – oxirgi o‘qigacha, shuningdek, dunyo narxlarida pul evaziga olganmiz.

Men buni sizga Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida, ushbu jarayonlarning barchasiga rahbarlik qilgan inson sifatida to‘liq mas’uliyat bilan aytyapman. 2003 yildan beri Ozarbayjon qanchalik qurollanganini bilasiz: biz o‘z ishlab chiqarishimizni yo‘lga qo‘ydik va chet eldan qurol-yarog‘ xarid qildik. Biror marta ham bizga bir manat, bir dollar chegirma qilishmadi. Bundan tashqari, ba’zida qurol-yarog‘ni bizga dunyo narxidan bir necha baravar qimmatga sotishdi. Biz bunga ko‘z yumishga majbur edik. Shuning uchun bu juda jiddiy masala”, deydi Aliyev.

Nutqning boshqa bir e’tiborga molik qismida Aliyev ayrim rahbarlarni o‘tmishdagi yutuqlarni o‘z nomiga rasmiylashtirishga va “o‘z rolini oshirib ko‘rsatishga” urinishda ayblagan. 

“Bizning afzalligimiz shundaki, ba’zi mamlakatlardan farqli o‘laroq soxta afsonalar yaratishimiz shart emas. Ba’zi mamlakatlarda ayrim rahbarlar o‘tmishdagi yutuqlarni o‘z nomiga rasmiylashtirishga yoki tarixni buzib ko‘rsatib, o‘z rolini oshirib ko‘rsatishga harakat qilishmoqda. Bizga buning keragi yo‘q”, deydi Aliyev.

U aynan kimni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va ekspertlar bu so‘zlar Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qaratilganini yozmoqda.

Aliyevning Turkiya bilan munosabatlar kontekstidagi ushbu so‘zlari aniq tarixiy asosga ega. 2024 yil 28 iyulda Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroil sha’niga bayonot bera turib: 

“Qorabog‘ga kirganimizdek, Liviyaga kirganimizdek, ular bilan ham xuddi shunday qilishimiz mumkin”, degan edi. 

Shu tariqa, Qorabog‘dagi g‘alaba BMT atrofidagi hozirgi munozaralardan oldin ham Turkiyaning mintaqaviy qudrati namunasi sifatida siyosiy nutqlarda qo‘llanilgan. 2024 yilda Erdo‘g‘an Isroilga ogohlantirish bilan murojaat qilar ekan, Qorabog‘ni dalil sifatida keltirgan.

Aliyevning ilgari surgan avvalgi pozitsiyasi ham muhim. 2024 yil 19 fevralda Anqarada u Turkiya urush davomida Ozarbayjonning yonida bo‘lganini, Erdo‘g‘anning ilk bayonotlari esa boshqa kuchlarni aralashishdan ushlab turganini ta’kidlagan. O‘sha nutqida Aliyev qo‘shma mashg‘ulotlar va Ozarbayjonda Turkiya armiyasi modelini joriy etish haqida ham gapirgan.

Biroq Aliyevning so‘zlarini ko‘rsatilgan yordamni inkor etish emas, balki ushbu yordam siyosiy majburiyatlar uchun asos sifatida qaralashiga e’tiroz sifatida talqin qilish mumkin: ittifoqchilik munosabatlari Baku o‘z tashqi siyosiy qarorlarini Anqara bilan kelishishi kerakligini anglatmaydi.

Nega Ozarbayjonning BMTdagi pozitsiyasi muhokamaga sabab bo‘ldi?

Joriy yilning 24 sentyabr kuni Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqqanda, bir qator delegatsiyalar, jumladan, Turkiya delegatsiyasi ham zalni tark etdi. “Sözcü” nashri va boshqa turk mediasi Ozarbayjon vakili zalda qolganiga alohida e’tibor qaratdi.

“Musavat.com” xabar qilishicha, suratlarda aks etgan shaxs Ozarbayjonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasining birinchi kotibi Maqsad Huseynov. Vakolatxonaning rasmiy materiallarida ham Huseynov birinchi kotib sifatida ko‘rsatilgan.

Reaksiya xarakteridan ayrim sarlavhalar dalolat beradi: media Ozarbayjonning pozitsiyasi “katta hafsalasizlik” uyg‘otganini yozdi. Biroq ushbu xabarlarni Turkiya hukumatining Ozarbayjonga yo‘llagan rasmiy e’tirozi deb hisoblab bo‘lmaydi.

Muhokamaga qo‘shimcha keskinlik bag‘ishlagan narsa shuki, Netanyaxu o‘sha nutqida Erdo‘g‘anni “mustabid” deb atadi. Shunday qilib, turk auditoriyasi uchun gap ham G‘azodagi vaziyatga bo‘lgan munosabat, ham Turkiya Prezidenti sha’niga tanqid yangragan nutqda Ozarbayjon vakilining hozir bo‘lgani haqida bormoqda.

Shuningdek, Aliyevning bayonotiga Ozarbayjonda ro‘mol o‘ragan o‘quvchilarning maktabga kiritilmagani Turkiya mediasida tanqidiy yoritilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Xususan, joriy yilning 29 sentyabr kuni “Son dakika” tarqatgan xabarga ko‘ra, Ozarbayjonda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan yangi kiyinish qoidalari maktablarda ro‘mol ta’qiqi bo‘yicha bahs-munozaralarni keltirib chiqargan. Bosh vazir Ali Asadov imzosi bilan kuchga kirgan nizomdan so‘ng ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar maktabga kiritilmasdan uylariga qaytarib yuborilgan.

309-sonli qarorga muvofiq, davlat umumiy ta’lim muassasalarida kiyinish qoidalari nazorati kuchaytirilgan. Amaliyotning ilk kunlarida ro‘molda darsga kirmoqchi bo‘lgan 6-sinf o‘quvchilari maktab darvozasidan ortiga qaytarilgan. 

Ozarbayjon OAVlari yangi qarorni “Maktablarda ro‘mol o‘rash taqiqlandi” sarlavhasi bilan o‘quvchilarga yetkazgan. Vazirlar Mahkamasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy matnda bevosita “hijob” yoki “ro‘mol” so‘zi ishlatilmagan. Qarorda o‘quvchilarning belgilangan maktab kiyimining yagonaligini buzadigan va “umumiy ta’limning dunyoviylik tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa kiyim elementlaridan” foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Ilhom Aliyev “Yangi Ozarbayjon” partiyasining VIII qurultoyidagi nutqida Qorabog‘dagi urush uchun barcha aybni Armanistonning avvalgi rahbariyati zimmasiga yuklab bo‘lmasligini, biroq mamlakat sobiq rahbarlarining barchasi harbiy jinoyatchilar va munosib jazolarini olishlari kerakligini ham aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing