G‘ijduvon va Nukusda 70 mingdan ortiq noqonuniy dori vositasi aniqlandi
3-sahifa
−
17 iyul 1400 2 daqiqa
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanida noqonuniy dori vositalarini saqlash, tayyorlash va sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, G‘ijduvon tumanida yashovchi tadbirkorga tegishli dorixona, yashash xonadoni hamda avtomashinada o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish davomida uning uyida yashirin sex tashkil etilgani aniqlangan. U dori vositalarining yorliq va yo‘riqnomalarini o‘zgartirish orqali qalbaki mahsulotlar tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Bunda 111 turdagi jami 25 716 dona dori vositasi, shuningdek, bo‘sh quti, yorliq, yo‘riqnoma va boshqa vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Ulardan 30 turdagi dori vositasi davlat reyestrida qayd etilmagani, yana 50 turdagi mahsulot uchun muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani aniqlangan.
G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari davlat reyestrida qayd etilmagan va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 16 dona “Oktagam” dori vositasini xaridorga 5 600 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, unga tegishli dorixonadan sifat sertifikati mavjud bo‘lmagan 109 turdagi jami 32 094 dona dori vositasi hujjatlashtirib olingan.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarma xodimlari Bojxona organlari bilan hamkorlikda Nukus tumanida 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro yashash xonadonida noqonuniy omborxona tashkil etganini ham aniqlagan. Mazkur manzildan 65 turdagi jami 12 958 dona dori vositasi hamda ularni qadoqlashda foydalanilgan 2 410 dona shtrix-kod va etiketka ashyoviy dalil sifatida olingan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari belgilangan saqlash talablariga rioya etilmagan holda saqlangan. Shuningdek, ularning 16 turi yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ekani aniqlangan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish bilan bog‘liq holatlar aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi