Germaniya Ukraina uchun 50 mingta zarba beruvchi dronni moliyalashtirdi – “Reuters”
Olam
−
13 iyul 2129 1 daqiqa
Germaniya Ukraina uchun qiymati qariyb 90 million yevrolik 50 mingta Shrike zarba beruvchi FPV dron xaridini moliyalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu buyurtma G‘arb davlatlari tomonidan Kiyev uchun amalga oshirilgan eng yirik dron xaridlaridan biri hisoblanadi. Dronlar Ukrainaning SkyFall kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi va ularga AQSHning mudofaa texnologiyalari kompaniyasi Auterion ishlab chiqqan dasturiy ta’minot o‘rnatiladi. Mazkur tizim dronlarga parvozning yakuniy bosqichida harakatlanayotgan nishonlarni avtomatik kuzatish va zarba berish imkonini beradi.
Auterion bosh direktori Lorens Mayer “Reuters”ga shartnoma qiymati qariyb 90 million yevro ekanini tasdiqlagan. Uning aytishicha, dronlarning bir qismi allaqachon Ukrainaga yetkazilgan, qolganlari esa joriy yil oxirigacha topshiriladi.
SkyFall Germaniyaning ushbu xaridni moliyalashtirayotganini tasdiqlagan, biroq bitim tafsilotlariga izoh bermagan. Germaniya va Ukraina Mudofaa vazirliklari esa operatsion xavfsizlik sababli bu masala yuzasidan izoh berishni rad etgan.
Lorens Mayerning ma’lum qilishicha, Auterion bu yil turli ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda va G‘arb davlatlarining moliyalashtirishi hisobiga Ukraina uchun jami 100 mingta dron yetkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari 2026 yil yakuniga qadar Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish va harbiylarni tayyorlash uchun 70 milliard dollar ajratishga va’da bergan edi.
Live
Barchasi